Shavkat Mirziyoyev agrar sohadagi ustuvor vazifalar va rejalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda yoqilg‘isiz isitiladigan issiqxonalar qurishni topshirdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

Yig‘ilishda, issiqxona xo‘jaliklarini kreditlash mexanizmini qayta ko‘rib chiqish topshirildi.

“Yoqilg‘isiz isitiladigan ixcham issiqxonalar barpo qilish ommalashib boryapti. Hozirda 308 gektar maydonda kigiz to‘shamali ixcham issiqxonalar barpo etilgan. Mana shu issiqxonalarni 10−20 barobar ko‘paytirish bo‘yicha [Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim] Abdurahmonov menga taklif bersin. Toshloq joylarda 50 baravar ko‘paytirsak bo‘ladi bemalol. Odamlar ishli bo‘ladi, daromad paydo bo‘ladi”, — deydi u.

Prezident yoqilg‘isiz isitiladigan, ixcham issiqxonalarni barpo qilish tajribasini qo‘llab-quvvatlab, tayyor holda topshirish sharti bilan 10 sotixli 200 tagacha ixcham issiqxona qurish vazifasini qo‘ydi.

Ushbu maqsadlarga “Oilaviy tadbirkorlik” dasturi doirasida 100 million so‘mgacha garovsiz kredit beriladi.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilning fevral oyida gazni tejash maqsadida ayrim issiqxonalar, sement va g‘isht zavodlari, bolalar bog‘chalari, maktab hamda shifoxonalar ko‘mirga o‘ta boshlashi haqida xabar bergan edik. Umuman olganda, 2023-yilda 5407 ta ijtimoiy obyekt, 1147 ta issiqxona va 250 ta zavodni ko‘mirga o‘tkazish rejalashtirilgan edi.