Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri sudi “Dok-1 Maks” siropi bo‘yicha ishni ko‘rib chiqishni yakunlamoqda. 5-fevral kuni sud tergovi yakunlanib, muzokaraga o‘tildi.

12-fevral kuni bo‘lib o‘tgan muzokarada prokuror suddan (raisi Muso Yusupov) Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining sobiq direktori hamda Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi sobiq rahbari Sardor Kariyevga nisbatan 18 yilga ozodlikdan mahrum etish bo‘yicha hukm chiqarishni so‘radi. Bu haqda “Daryo” xabar bermoqda.

marion biotech, док-1 макс, sud

Davlat ayblovchisi markazning sobiq birinchi o‘rinbosari va direktor o‘rinbosari A.A. va M.N.ga ham xuddi shunday muddat so‘radi.

Shuningdek, prokuror ularni 3 yil muddatga moddiy javobgarlik va mansabdorlik lavozimlarni egallash huquqidan mahrum qilishni so‘radi.

Bundan tashqari, u Quramax Medikal`ning sobiq direktori Ragvendra Pratarni (Singh Ragvendra Pratar) 20 yilga ozodlikdan mahrum qilishni, jazo umumiy tartibli koloniyada o‘talishini so‘radi.

Davlat ayblovchisi suddan halok bo‘lgan 68 nafar bolaning qarindoshlari va og‘ir jarohat olgan 16 nafar bolaning qarindoshlari uchun 100 million so‘m (8,4 milliard so‘m), shuningdek, yengil jarohat olgan 2 nafar bola uchun 20 million so‘m undirishni so‘radi.

Eslatib o‘tamiz, 11-avgust kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri sudi O‘zbekistonda Hindistonning Marion Biotech farmatsevtika kompaniyasi dorilari, jumladan, “Dok-1 Maks” yo‘tal siropini qabul qilish oqibatida kamida 69 nafar bola vafot etgani bilan bog‘liq jinoyat ishini ko‘rib chiqishni boshlagan edi. Sudlanuvchilar 23 kishini (18 erkak va 5 ayol) tashkil etgan.

“Dok-1 Maks” ishi ko‘rilayotgan sud zalidan “Gazeta.uz”ning batafsil reportajlari bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin.