2024-yilning 1-yanvar holatiga O‘zbekistonda jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan avtomobillar soni 4 mln 20 ming 744 tani tashkil etdi, deya xabar berdi Statistika agentligi.

Ko‘rsatkich bir yil avvalgiga nisbatan 383 ming 625 taga yoki 10,5 foizga oshgan (2023-yilning 1-yanvar holatiga 3 mln 637 ming 119 tani tashkil etgandi).

Aholiga tegishli jami avtotransport vositalari ularning turlari bo‘yicha quyidagicha taqsimlangan:

  • yengil avtomobillar — 3 759 045 ta (2023-yilda 3 396 520 ta, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 362 ming 525 taga yoki 10,7 foizga ko‘paygan, jami avtomobillarning 93 foizi);
  • yuk avtomobillari — 240 917 ta (219 628 ta);
  • avtobuslar — 6 297 ta (6666 ta);
  • mikroavtobuslar — 9 102 ta (8961 ta);
  • maxsus transportlar — 5 383 ta (5344 ta).

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilda O‘zbekistonga 73 mingdan ortiq avtomobil import qilingan, bu avvalgi yilga nisbatan 2,4 barobar ko‘p. Xitoydan avtomobil olib kelish hajmi esa 5,2 barobar oshgan. Import qiymati qariyb 1,8 mlrd dollarga yetgan.

Shuningdek, mamlakatda 2023-yilning yanvar-noyabr oylarida 355,2 ming dona yoki 2022-yilning shu davriga nisbatan 25,9 foizga ko‘p avtomobil, eng ko‘p Cobalt avtomobili ishlab chiqarilgan (104,6 mingta). Shuningdek, Chery ishlab chiqarish keskin o‘sdi va avtobuslar ishlab chiqarish importning ko‘payishi fonida kamaydi.