Senatning 9-fevral kuni o‘zining elliginchi yalpi majlisida pensiyaning minimal miqdori eng kam iste’mol xarajatlari darajasidan oz bo‘lmasligini belgilovchi qonunni ma’qulladi.

Mazkur norma “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga fuqarolarning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda nazarda tutilgan. Hujjat bilan, shuningdek, “Ijara to‘g‘risida”gi qonunga ijarachining nogiron bo‘lib qolganligi ijara shartnomasini tugatish uchun asos bo‘lishini bekor qilishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Bundan tashqari, “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunda pensionerga hisoblangan, lekin uning tomonidan talab qilib olinmagan pensiya summasini to‘lash muddatini o‘n ikki oydan yigirma to‘rt oygacha uzaytirish nazarda tutilmoqda. Pensiyalar miqdorlarini yil davomida tovarlar va xizmatlarning iste’mol narxlari indeksi darajasining o‘sish sur’atlarini inobatga olgan holda oshirib borish tartibi, shuningdek, mahkumlarning ozodlikdan mahrum qilingan davrda amalga oshirgan faoliyati davrini pensiya olish huquqini beradigan faoliyat turi sifatida hisobga olishga doir talab ham belgilanmoqda.

“Fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunga fuqaroda davlat pensiya ta’minoti huquqi yuzaga kelganligi to‘g‘risida Pensiya jamg‘armasi tomonidan Xalq bankiga axborot tizimi orqali elektron shaklda yuboriladigan ma’lumotlar fuqaroning pensiya to‘lovlarini olishi uchun asos bo‘lishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.