Senatning 9-fevral kuni bo‘lib o‘tgan 50-yalpi majlisida davlat yong‘in nazorati organlariga tadbirkorlik subyektlariga nisbatan ma’muriy jazo choralarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llash vakolatini berish bo‘yicha qonun ko‘rib chiqilib, ma’qullandi.

Amaldagi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 249-moddasiga muvofiq, davlat yong‘in nazorati organlariga ushbu kodeksning 84, 124, 211-moddalarida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish va ma’muriy jazo qo‘llash vakolati berilgan.

Biroq ushbu kodeksning 245-moddasiga muvofiq, yakka tartibdagi tadbirkorlar va ularning xodimlari, yuridik shaxs bo‘lgan tadbirkorlik subyektlarining mansabdor shaxslari yoki boshqa xodimlari tomonidan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish chog‘ida sodir etilgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga berilgan.

Birgina 2023-yilda tadbirkorlik subyektlariga tegishli obyektlarda 797 ta yong‘in sodir bo‘lgan.

Senatorlar bir necha marotaba ogohlantirishlarga qaramay, yong‘in keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etmagan subyektlarga nisbatan ta’sirchan choralar ko‘rib borish ham zarur bo‘layotganini qayd etdi. Shu tufayli davlat yong‘in nazorati organlari qo‘shimcha vakolatlarga ega bo‘lishi maqsadga muvofiqligi aytildi.

Hozirda bunday ta’sir choralarining faqat jinoiy ishlar bo‘yicha sudlar tomonidan qo‘llanayotgani kutilgan natijalarni bermayapti. Aniqroq aytganda, tegishli da’volarni sudga berish jarayonlaridagi bosqichlar, rasmiyatchiliklar, vaqt hamda dolzarblik nuqtai nazaridan qo‘llanayotgan choralar samaradorligini pasaytirmoqda. Muhokama qilingan qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 245-moddasi 3-qismiga o‘zgartirish kiritib, tadbirkorlik subyektlariga tegishli obyektlarda biznes ombudsmanni xabardor etish tartibida o‘tkazilgan tekshirishlar natijasida aniqlangan ma’muriy huquqbuzarliklar yuzasidan davlat yong‘in nazorati organlariga ma’muriy jazo choralarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llash vakolatini berish nazarda tutilmoqda”, — dedi senator Boriy Alixanov.

Boriy Alixanov. Foto: Senat.Boriy Alixanov. Foto: Senat.

Senat muhokama qilgan mazkur hujjat, bundan tashqari, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda o‘rmonlarda yong‘in xavfsizligi talablarini buzish, agar yong‘in chiqishiga olib kelgan bo‘lsa, ma’muriy javobgarlikni belgilashni ham nazarda tutadi. Bunda ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxs kodeksning 38-moddasiga muvofiq ma’muriy huquqbuzarlik oqibatida keltirilgan zararni qoplashdan ozod etilmaydi. Amalda buning uchun alohida javobgarlik nazarda tutilmagan.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 211-moddasi bo‘yicha yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzgan huquqbuzarlarga nisbatan qo‘llanadigan jazo sanksiyalarini oshirish nazarda tutilmoqda.

Moddaning fuqarolarga nisbatan qo‘llanadigan minimal jazo chorasi BHMning 0,1 baravaridan 5 baravarigacha etib (34 ming so‘mdan 1 mln 700 ming so‘mgacha), mansabdor shaxslarga esa BHMning 1 baravaridan 10 baravarigacha (34 ming so‘mdan 3 mln 400 ming so‘mgacha) etib belgilanmoqda (amalda fuqarolarga BHMning 0,1 baravaridan 1 baravarigacha (34 ming so‘mdan 340 ming so‘mgacha), mansabdor shaxslarga esa 1 baravaridan 3 baravarigacha (340 ming so‘mdan 1 mln 20 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi).

Bundan tashqari, yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzgani tufayli uy-joy fondida odamlarning sog‘lig‘iga zarar yetishi yoxud o‘zganing mol-mulki shikastlanishi yoki uning yo‘q qilinishi bilan bog‘liq bo‘lmagan tarzda yong‘in sodir bo‘lganda mazkur shaxs yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikdan ozod qilinishi nazarda tutilmoqda.