8-fevral kuni Toshkentda Shavkat Mirziyoyev va Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning rasmiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

Ular O‘zbekiston prezidentining davlat qarorgohi Ko‘ksaroyda o‘tkazildi. Davlat rahbarlarining muzokaralari dastlab “yakkama-yakka” formatda bo‘ldi, so‘ngra ularga delegatsiyalar a’zolari ham qo‘shildi.

Kengaytirilgan muzokaralarda Belarus prezidenti an’anaviy samimiy qabul uchun O‘zbekiston tomoniga minnatdorlik bildirdi.

“Men buni juda qadrlayman. Biz siz bilan mutlaqo ishonchli va do‘stona munosabatlarga egamiz. Ehtimol, bundan ishonchlirog‘i bo‘lmasa kerak. Biz O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarni katta qiziqish bilan kuzatyapmiz. Sizga kerak bo‘lgan yagona narsa — vaqt. Ko‘p narsa o‘z vaqtida o‘tkazib yuborilgan. To‘g‘ri aytdingiz, siz yetib olishingiz, yetib olishingiz va yetib olishingiz kerak, bu esa har doim qiyin bo‘lgan. Lekin eng muhimi qayerga borishni bilishdir”, — dedi Aleksandr Lukashenko (iqtibos Belarus prezidenti matbuot xizmatidan olindi).

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston “ajoyib sur’atlarda” rivojlanmoqda.

“Biz sizlarning do‘stlaringiz, yaqin birodarlaringizdekmiz, har doim yaqinmiz, chunki o‘zbek va belarus xalqlari bir-biriga juda o‘xshash, mehnatkash, bag‘rikeng xalqdir. Haqiqiy mehnatkashlar. Bu — munosabatlarimizning asosi. Shu bois qardosh respublikamiz O‘zbekiston jadal rivojlanib borayotganidan mamnunmiz”, — dedi u.

aleksandr lukashenko, belarus, shavkat mirziyoyev

Lukashenko Belarus O‘zbekiston rivojidan manfaatdor ekanini ta’kidladi, chunki “ular O‘zbekistonni Markaziy Osiyoda asos qilib olgan”.

“Bu biz aloqalarni rivojlantirishimiz kerak bo‘lgan davlat. Juda yuqori malaka, juda yuqori. Siz o‘zingizni juda tanqid qilasiz, lekin sizda shunday qobiliyatlar bor, qo‘lingizdan ko‘p narsalar keladi, biz sizdan o‘rganishimiz kerak. Bizda bor texnologiyalar Sovet Ittifoqidan qolgan, nimadir qo‘shgan bo‘lsak, siz uni bilasiz. Biz uni butunlay O‘zbekiston hududiga o‘tkazishga tayyormiz”, — dedi u.

Aleksandr Lukashenko so‘zida davom etdi: “Ko‘ryapmanki, ba’zi joylarda biz kamchilikka yo‘l qo‘ydik va hokazo. Lekin bu prezidentlar bu yo‘nalishda ishlamadi, degani emas. Bu sizlarga, hukumat a’zolari, vazirlarga, qayerdadir nimadir yetishmay qoldi, degani, yigitlar. Shuning uchun, keling, rozi bo‘laylik — buni qilishimiz kerak. Nega men buni talab qilyapman? Belaruslar uchun. Ammo bu Ekvatorial Gvineya emas, biz yana qayerlarda bo‘ldik, Keniya yoki Zimbabve emas. Bu yerda biz bir tilda gaplashamiz, xalqimiz bir-biriga o‘xshash. Ikki prezident ham ochiq, barcha loyihalarni qo‘llab-quvvatladik… Uch yillik yo‘l xaritasini ishlab chiqdik, keling, uni amalga oshiraylik”.

Belarus prezidentining ta’kidlashicha, joriy tovar ayirboshlash hajmi — qariyb 600 million dollar — garchi rekord ko‘rsatkich bo‘lsa-da, mavjud salohiyatga mos kelmaydi.

“Yaqin bir yarim yil ichida ko‘rsatkichni 1 milliard dollarga yetkazishimiz va oldinga siljishda davom etishimiz kerak. Hukumatlar va davlat rahbarlari o‘rtasida kelishuv mavjud ekan, ko‘p ish qilib olish kerak. Biz munosabatlarimizni „bog‘lashimiz“ kerak. Ertaga yoshlar hokimiyatga keladi — ular boshqacha. Ularda bunday tajriba yo‘q, ular biz bosib o‘tgan yo‘ldan yurmagan. Bizning xotiramizda hamma narsa bor. Shuning uchun bu vaqtni behuda o‘tkazmaslik kerak”, — dedi u.

Aleksandr Lukashenko Belarus O‘zbekiston bilan texnologiyalar almashishga tayyorligini ta’kidladi: “Bizda sizga bugun va, hatto, ertaga kerak bo‘ladigan texnologiyalar mavjud. Dunyoning biror bir joyiga borib ta’zim qilishning hojati yo‘q. Biz buni sizga evaziga hech narsa talab qilmay, chin qalbdan taklif etamiz. Talab ham qila olmaymiz: biz bitta davlatmiz, bir-birimizdan nimani ham talab qilardik? Faqat yaxshi niyatda biz siz bilan hamkorlik qila olamiz, siz esa biz bilan”.

aleksandr lukashenko, belarus, shavkat mirziyoyev

Aleksandr Lukashenko birgalikda farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni faol ravishda yo‘lga qo‘yishni taklif qildi.

“Shavkat Miromonovichning Xitoy bilan munosabatlari biznikidan ham yaxshi. Hindiston bilan ham. Substansiya ishlab chiqaradigan hamma davlat bilan… Ha, ular manfaatdor, 22 foiz dorini o‘zlari ishlab chiqaradi, ularga dori kerak, 40 million aholisi bor. Bu yerda qo‘shma ishlab chiqarish yaratishimiz mumkin va u (O‘zbekiston prezidenti — tahr.) bu yerga har qanday substansiyani olib keladi: uning dunyo bo‘ylab ulkan aloqalari va hurmati bor. Dorini shu yerda ishlab chiqarishimiz va bir qanchasini shu yerdan Belarusga sotib olishimiz mumkin”, — dedi u.

Grodno viloyati ijroiya qo‘mitasi raisi, sog‘liqni saqlash vaziri Vladimir Karanik tomonlar bu masalani atroflicha muhokama qilayotganini ta’kidladi. Belarus va O‘zbekiston “dorilarni osonlik bilan ro‘yxatdan o‘tkazishga nima to‘sqinlik qilayotganini” tekshirish uchun me’yoriy-huquqiy bazani tahlil qilmoqchi va O‘zbekistonda eng ommabop dori vositalari ro‘yxatini tuzmoqchi. “Qo‘shni mamlakatlarga sotish istiqboli bilan”, — dedi u.

“Texnik ro‘yxatga olish masalasiga kelsak. Eshiting, bizda „diktatura“ bor — biz muammoni tezda hal qila olamiz. Mutaxassislar va Sog‘liqni saqlash vazirligining ijobiy fikri bor edi. Biz buni darhol hal qilamiz. Asosiysi, kelishuvingiz bor. Sizlar xalqingizga dushman emassizlar, sizda mutaxassislar bor… Keling, buni birgalikda yarataylik”, — dedi Aleksandr Lukashenko.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Belarus farmatsevtika mahsulotlarini sotib olish uchun zarur bo‘lgan yillar bo‘yicha kafolat berishga tayyorligini ta’kidladi. “Bunga shubha qilmasangiz ham bo‘ladi. Biz sizning sifatingizdan mamnunmiz. Sizni ishontiraman, shartnomalar tuzing, buni o‘zim kuzatib boraman”, — dedi u.

aleksandr lukashenko, belarus, shavkat mirziyoyev

Belarus “sog‘liqni saqlash, xususan, ona va bola salomatligi sohasida O‘zbekiston bilan yelkama-yelka bo‘lishga” tayyor, deya davom etdi Aleksandr Lukashenko.

“Biz o‘zimizni yirtib tashlashga, kelib, bu klinikani kerakli tarzda boshqarib, uni xodimlar bilan ta’minlashda yordam berishga va mutaxassislaringizga akusherlikni o‘rgatishga tayyormiz. Ammo buni sizga o‘rgatgunimizcha sizga yordam berib turamiz. Biz har doim ayollar oldida qarzdormiz”, — dedi u.

O‘zbekiston va Belarus prezidentlari Toshkentdagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonot qabul qildi. Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Lukashenko ikki davlat hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettirishini ta’kidladi.