Senat 9-fevral kuni bo‘lib o‘tgan elliginchi yalpi majlisida mikroqarzning maksimal miqdorini 50 mln so‘mdan 100 mln so‘mgacha oshirishni nazarda tutuvchi qonunni ma’qulladi.

O‘zgarishlar “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga kredit majburiyatlarini bajarish tartibini takomillashtirish hamda aholining mikromoliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonunda nazarda tutilgan.

Senatorlarning ta’kidlashicha, qonun aholi va tadbirkorlarga mikroqarz yoki kredit olib foydalanish jarayonlarini kengaytirishga, ular tomonidan kreditlarni qaytarish qobiliyati yaxshilanishiga zamin yaratadi. Shuningdek, aholini va tadbirkorlarning moliyaviy mablag‘lar hamda xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish bilan birga ularning ishchanlik faolligini oshirishga va ushbu yo‘nalishdagi mavjud muammolarni hal etishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, qonun bilan Fuqarolik kodeksiga va “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga ham o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Fuqarolik kodeksiga kiritilayotgan qo‘shimchalarga asosan aholi va tadbirkorlarga ajratilgan mikroqarz yoki kredit bo‘yicha amalga oshirilgan to‘lov summasi, agar qarz oluvchining majburiyatlarini bajarish uchun yetarli bo‘lmasa, qarz oluvchining qarzi quyidagi tartibda undiriladi:

Eng avvalo, asosiy qarz bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorlik va muddati o‘tgan foiz to‘lovlari mutanosib ravishda uziladi. Keyin esa joriy davr uchun hisoblangan foizlar va joriy davr uchun asosiy qarz bo‘yicha qarzdorlik so‘ndiriladi. Uchinchi navbatda “neustoyka” (jarima, penya)lar va keyingi navbatda kreditorning qarzdorlikni uzish bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa xarajatlari undiriladi.

Shu bilan birga, Fuqarolik kodeksiga kredit bo‘yicha qarzdorlikni va hisoblangan foizlarni undirish haqida sudning hal qiluv qarori chiqarilganda mazkur kredit bo‘yicha foizlar, shuningdek neustoyka hisoblanishi to‘xtatilishiga oid o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritilmoqda.

Jismoniy shaxslarning qarzlarini to‘lash tartibiga bunday o‘zgartirishlar kiritishni 2022-yil oktabr oyida Markaziy bank taklif etgandi.

O‘zbekiston Markaziy banki qonun hujjatlariga jismoniy shaxslarning qarzlarini to‘lash tartibi to‘g‘risidagi o‘zgartirishlar kiritish loyihasini muhokama uchun e’lon qildi.

O‘shanda regulyator amaldagi tartib bo‘yicha qarz oluvchi tomonidan o‘tkazilgan mablag‘lar barcha majburiyatlarni (qarzning asosiy summasini to‘lash, kreditdan foydalanganlik uchun foizlar, penyalar) bajarish uchun yetarli bo‘lmasa, birinchi navbatda qarz beruvchining xarajatlari, keyin foizlar, keyin esa asosiy qarz to‘lanishini qayd etib, bu tartib fuqarolarning qarz yukining oshishiga olib kelishini ta’kidlagandi.

“Bu qarz oluvchini qarzni to‘lashga undaydi, uning qarz yukini kamaytiradi va eng muhimi, fuqarolarga kredit to‘lovlarini to‘lashni osonlashtiradi”, — deya qayd etgan Markaziy bank.