Toshkent viloyati IIBB YHXB juma kuni (O‘zbekistonda bu kun yo‘l harakati xavfsizligi kuni deb e’lon qilingan) Bo‘ka tumanidagi maktablar yonida pushti sumkali o‘quvchi qizning maketi o‘rnatilayotgani aks etgan suratlarni e’lon qildi.

Xabarda aytilishicha, bolalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida “Xavfsiz yo‘l — xavfsiz piyoda 2024” konsepsiyasi doirasida 12 ta maktab oldiga nur qaytaruvchi bolalar maketi o‘rnatilgan.

Fotosuratlardan ko‘rinib turibdiki, metall tayanchdagi qo‘g‘irchoqlar yerdagi qazilgan kichik chuqurlikka o‘rnatilgan, keyin esa beton bilan to‘ldirilgan.

Ilgari shunga o‘xshash fotosuratlar boshqa hududlardagi yo‘l harakati xavfsizligi xizmatlari tomonidan ham e’lon qilingan edi. Bu ko‘pincha innovatsion g‘oya sifatida taqdim etilgan.

2022-yilning fevral oyida Xorazm viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi umumiy ovqatlanish shoxobchalari, yoqilg‘i quyish shoxobchalari, avtobus turargohlari, avtoturargohlar, avtovokzallar va piyodalar o‘tish joylariga, jumladan, maktablar oldiga piyoda o‘quvchilarining maketi o‘rnatilganini ma’lum qilgandi.

Foto: Xorazm viloyati IIB YXHBFoto: Xorazm viloyati IIB YXHB

2018-yil sentabr oyida Jizzax viloyatidagi ta’lim muassasalari yonidagi piyodalar o‘tish joylariga ham shunday maketlar o‘rnatilgani haqida yozgan edik. O‘shanda Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi vakili shunday degandi: haydovchi uzoqdan maketni ko‘rsa, sekinlashishiga shubha yo‘q.

Foto: O‘zAFoto: O‘zA

Urbanist Arkadiy Gershman “Gazeta.uz”ga bergan izohida bunday qarorlar “nima qilish kerakligini tushunmay turib nimadir qilinayotganini ko‘rsatishning juda mashhur usuli” ekanini aytdi.

“Bu usul xavfli, chunki mashina haydab ketayotgan odamlar bu yerda bolalarning maketlari borligiga ko‘nikishni boshlaydi va shu sababli ular sekinlashmay qo‘yadi, chorrahada rostdan ham bolalar yoki kattalar paydo bo‘lganda, bu sekinlashish uchun sabab sifatida ko‘rilmay qoladi. Chunki nigoh ko‘nikadi va vaziyat avvalgidan ham battar ahvolga keladi”, — deb hisoblaydi mutaxassis.

Bundan tashqari, haydovchi maketlar orasida haqiqiy bola borligini sezmasligi mumkin, bu esa ehtimoliy odam urib yuborishlarni keltirib chiqaradi.

Yo‘llarda, ayniqsa, maktab va bog‘chalar yaqinida piyodalar xavfsizligini qanday yaxshilash mumkin? Harakatni jismoniy ko‘rinishda sokinlashtirish kerak: xavfsizlik orolchalari, ko‘tarma yoki relefi balandroq o‘tish joylari. Bizga yuqori sifatli belgilar, nafaqat o‘tish joyining, balki unga yaqin hududning yaxshi yoritilishi kerak, oddiygina piyodalar yo‘laklari, tezlik kameralari ham xalaqit bermaydi.

O‘zbekistonda maktablar va bolalar bog‘chalari yaqinidagi ko‘cha va yo‘l uchastkalarini loyihalash, haydovchilar uchun bolalarning ko‘ringanlik darajasini yaxshilash bo‘yicha umumiy standartlar qabul qilinmagan.

2022-yil avgust oyida Toshkent shahridagi maktablar va bolalar bog‘chalari yaqinida yo‘l harakatini sokinlashtirish dasturi joriy etilishi e’lon qilingandi. Birinchi bosqichda tez va arzon yechimlardan foydalanish rejalashtirilgan: belgilar, ustunchalar, notekisliklar. Biroq loyiha amalga oshirilmadi.