AQSh Atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi (EPA) 2012-yildan beri birinchi marta havo sifatining yangi standartini qabul qildi.

Yangi standart, EPA veb-saytiga ko‘ra, havodagi PM2,5-mayda zarrachalarining ruxsat etilgan yillik o‘rtacha konsentratsiyasini 12 mkg/m3 dan 9 mkg/m3 gacha pasaytiradi. Tashkilotning ta’kidlashicha, qabul qilingan norma eng yaxshi ilmiy ma’lumotlarga asoslangan.

Agentlikning hisob-kitoblariga ko‘ra, yangilangan standart 4500 tagacha erta o‘lim va 290 ming ish kuni yo‘qotilishining oldini oladi, natijada 2032-yilda sog‘liq uchun 46 milliard dollargacha sof foyda keltiradi.

“Ilmiy dalillar aniq: qurum bilan ifloslanish (PM2,5 kul, chang va boshqa aralashmalarning zarralarini nazarda tutadi — tahr.) havo ifloslanishining eng xavfli shakllaridan biri bo‘lib, bir qator jiddiy va potensial o‘limga olib keladigan kasalliklar, shu jumladan, astma va yurak xurujlari bilan bog‘liq”, — dedi EPA administratori Maykl Rigan.

Agentlik, shuningdek, PM2,5 ta’siri bilan bog‘liq sog‘liq uchun xavflar haqida jamoatchilikka yaxshiroq ma’lumot berish uchun havo sifati indeksini qayta ko‘rib chiqmoqda.

PM2,5 zarralari juda kichik o‘lchami tufayli inson salomatligi uchun ko‘proq xavfli hisoblanadi. PM2,5 o‘pkaga chuqur kiribgina qolmay, qon oqimiga ham kirib, sog‘liqda turli xil muammolarni, jumladan, yurak kasalliklari va boshqa yurak-qon tomir asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin. PM2,5 ko‘pincha qazib olinadigan yoqilg‘ilarning yonishi natijasida hosil bo‘ladi va transport vositalarining chiqindisi, sanoat ishlab chiqarishi va elektr stansiyalari chiqindilari, shuningdek, shamol uchirib kelgan chang kabi tabiiy manbalar tarkibida saqlanadi.

  • JSST tavsiyalariga ko‘ra, havodagi PM2,5 ning o‘rtacha yillik miqdori 5 mkg/m3, o‘rtacha kunlik miqdori 15 mkg/m3 bo‘lishi kerak.
  • O‘zbekistonda havodagi PM2,5 zarrachalarining miqdori bo‘yicha standart mavjud emas. Mutaxassislar hozir bu sohada milliy standartlarni ishlab chiqmoqda.