Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi “Yangibozor” va “Yerqo‘rg‘on” bozorlari oldida yerosti va yerusti piyodalar yo‘laklari quriladi. Bu haqda viloyat hokimligida Qarshi shahrida ijtimoiy-iqtisodiy va kommunal sohani rivojlantirish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha o‘tkazilgan taqdimotda ma’lum qilindi.

“Yerosti va yerusti [piyodalar o‘tish joylarini qurish] boshlanishi kerak. Haqiqatan ham, “Yerqo‘rg‘on”ning oldida ham, “Yangibozor”ning oldida ham [yo‘ldan] o‘tib bo‘lmaydi. Bu ham odamlarning kayfiyati bilan bog‘liq. Boshlatib yuborishimiz kerak. 3−4 milliardga bo‘lib ketadi”, — dedi viloyat hokimi Murotjon Azimov.

Taqdimotda aytilishicha, “Yangibozor” oldida “Orzu” bozorining oldidagi kabi yerusti o‘tish yo‘li, “Yerqo‘rg‘on” bozori oldida esa yerosti o‘tish yo‘li qurilishi rejalashtirilgan. Viloyat hokimligi matbuot xizmatining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, bu obyektlar orqali “Yangibozor” va “Yerqo‘rg‘on” bozorlari oldidagi YTHlar va tirbandlikning oldini olish maqsad qilingan.

2019-yilda “Gazeta.uz” yerusti piyodalar o‘tish joylari qanday qilib shaharni yanada xavfliroq makonga aylantirishi va odamlarni o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, yo‘l harakati qoidalarini buzib harakatlanishga majburlashi haqida material tayyorlagandi.

Bundan tashqari, yaqinda nashrimizning “NOQulay shahar” loyihasi doirasida yerosti va yerusti piyodalar o‘tish joylari fuqarolarga ko‘plab noqulayliklar tug‘dirishi, piyodalarni yo‘lni kesib o‘tishda tavakkal qilishga majburlashi haqida video e’lon qilingan.

Shaharsozlik bo‘yicha mutaxassislarning yerusti va yerosti o‘tish joylari nafaqat harakatlanish imkoniyati cheklangan odamlar uchun, balki barcha harakat ishtirokchilari uchun noqulaylik tug‘dirishini ta’kidlaydi. Yosh va imkoniyati cheklanmagan piyodalar ham vaqt va kuchni tejash uchun, ayniqsa, zinapoyadan yuqoriga va pastga tushish va burilishlar bosib o‘tiladigan yo‘lni sezilarli darajada uzaytirgani uchun yo‘lni to‘g‘ridan-to‘g‘ri kesib o‘tadi. Qoidaga o‘laroq, to‘siqlar odamlarni to‘xtatmaydi. Buni biz eslab o‘tgan videolavha yaxshi tasvirlaydi.

Haydovchilar yerosti va yerusti piyodalar o‘tish joylariga yaqinlashganda o‘z tezligini oddiy piyodalar o‘tish joylari oldida kuzatilgani kabi pasaytirmaydi, chunki u yerdan piyodalar o‘tishini kutmaydi. Bu esa mazkur obyektlar yaqinidagi hududlarni xavfli joyga aylantiradi.

Shaharsozlik bo‘yicha mutaxassislar bunday joylarda YTHlar va tirbandlikning oldini olish uchun piyodalar harakatini to‘g‘ridan-to‘g‘ri tashkil etish, piyodalar o‘tish joylarini svetofor bilan ta’minlash va odamlar qatnovi uchun transportning mashinadan boshqa muqobillarini taklif etish va rag‘batlantirish kerakligini ta’kidlaydi.