Toshkent shahri hokimligi Yangihayot tumanida qurilishi boshlanib, keyinroq ishi to‘xtab qolgan Minerva City majmuasini qurayotgan hindistonlik tadbirkor ustidan sudda yutib chiqqani ma’lum bo‘ldi. Бu haqda tuman hokimi Hayot Inog‘omov ma’lum qildi, deb xabar bermoqda 8-fevral kuni hokimlikda tashkil etilgan matbuot anjumanida ishtirok etgan “Gazeta.uz” muxbiri.

Qayd etilishicha, qurilishga ajratilgan 100 gektar maydon davlat tasarrufiga qaytarildi.

2022-yilda hindistonlik investor Murari Lal Jalanning “MJ Developer” kompaniyasi tomonidan Yangihayot tumanida qurilishi boshlangan Minerva city loyihasi mojaroli tarzda to‘xtab qolgandi. Yer hindistonlik tadbirkordan olib qo‘yilgach, u Toshkentning o‘sha vaqtdagi hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevni unga noqonuniy talab qo‘yishda aybladi. Toshkent shahar hokimligi investorning so‘zlarini rad etib, Bosh prokuraturaga murojaat qildi. Shundan so‘ng, Bosh prokuratura Murari Lal Jalanning iddaosini tekshirishni boshladi.

Tuman hokimi orada o‘tkazilgan sud natijasiga ko‘ra, yer Toshkent shahar hokimligi balansiga qaytarilganini aytib o‘tdi.

“Minerva City`ni 29-yanvar oxirgi ish sudida yutdik. Qaror bekor qilinib, yer Toshkent shahar hokimligi balansiga qaytarildi, ya’ni davlatga qaytdi. Undan keyin ular yana appelyatsiyaga berishdi. Hozir biz shu appelyatsiyani kutyapmiz. Lekin, appelyatsiya shikoyatini o‘qib chiqsak, huquqiy tomondan yutadigan vajlarni ko‘rsatishmagan. Yaqin 15 kunda sudning oxirgi qarori bizga hal bo‘ladi. Yer davlatga o‘zi qaytib bo‘lgan, appelyatsiya arizasi berilgani uchun sud uni qayta ko‘rib chiqmoqda”, — dedi Hayot Inog‘omov.

Uning aytishicha, 6 nafar fuqarodan tashqari hammaga kompaniyaning o‘zi pulni qaytarib bergan. Ular rozi bo‘lib, o‘sha to‘langan pulni olib chiqib ketdi. 6 kishi esa olib chiqib ketishni xohlamadi. Sudda ham ishtirok etishdi. Ular [kompaniya bilan] boshqa loyiha qilamiz degan ma’noda tadbirkor bilan o‘zi gaplashib oldi. Ularning davlatdan da’vosi yo‘q, deydi hokim.

Keltirilishicha, davlatga qaytarilgan maydonda yana uy-joy quriladi, shuningdek, uning yonida oliygoh qad rostlashi mumkin.

“Joyning o‘rnida nima bo‘ladi degan savolga kelsak, Xitoyga borganda buni investorlarga ko‘rsatdik. Unga pul tikaman degan investor bor. Taxminan 96−100 gektar joyda uy-joy bo‘ladi. 35−40 ming fuqaro yashaydigan xonadonlar tushishi reja qilinmoqda. Uning ichida barcha xizmat ko‘rsatish obyektlari bo‘ladi. Hali u darajaga yetmagan bo‘lsak ham, uning yoniga bir universitet olib kelmoqchimiz. Bizning tumanda ham bitta oliygoh bo‘lsa, tumanda ziyolilar soni ko‘payadi”, — dedi tuman hokimi.

Shuningdek, tuman hokimi qurilishi reja qilingan oliygoh xususiy yoki davlatniki bo‘lishi, lekin bu Iqtisodiyot yoki moliya universiteti emasligini aytdi. Avvalroq, Chilonzor tumanidagi Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Sergeli tumaniga ko‘chirilishi ehtimoli borligi haqida xabarlar tarqalgandi.