Falastinning HAMAS guruhi G‘azo sektorida 135 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish rejasini taklif qildi, bu muddat davomida garovga olinganlar ozod qilinadi, Isroil esa qo‘shinlarini anklavdan olib chiqadi, deb xabar bermoqda Reuters.

Agentlikning qayd etishicha, HAMASning rejasi o‘tgan hafta Qatar va Misr vositachilari tomonidan yuborilgan hamda Isroil va AQSh tomonidan ma’qullangan taklifga javob bo‘ldi. HAMAS yo‘q qilinmagunicha qo‘shinlarini G‘azodan olib chiqmasligini aytgan Tel-Aviv hozircha ochiqcha javob bermadi.

HAMASning javob taklifi har biri 45 kun davom etadigan uch bosqichli sulhni nazarda tutadi. Birinchi bosqichda guruh qolgan isroillik garovga olinganlarni — ayollar, 19 yoshgacha bo‘lgan erkaklar, qariyalar va kasallarni falastinlik mahbuslar — ayollar va bolalarga almashtirishni taklif qilmoqda. Bunda Isroil G‘azodagi aholi punktlaridan qo‘shinlarini olib chiqishga ham majbur bo‘ladi.

Aynan shu bosqichda tomonlar harbiy harakatlarni tugatish bo‘yicha “bilvosita muzokaralar” o‘tkazishlari kerak bo‘ladi, shundan so‘ng ikkinchi bosqich boshlanadi, unda garovga olingan erkaklarning qolgan barcha qismi ozod qilinadi. Uchinchi bosqichning oxiriga kelib, tomonlar o‘lik va jasadlarni almashtiradi.

HAMAS sulh natijasida G‘azo aholisiga insonparvarlik yordami ko‘payishidan ham umid qilmoqda.

Avvalroq Isroil va HAMAS sulh bo‘yicha prinsipial kelishuvga erishgani, sulh davomida isroillik asirlar falastinlik asirlarga almashtirilishi haqida xabar berilgan edi. Sulh bo‘yicha muzokaralarda Qatar, AQSh va Misr vositachilik qilmoqda.

Mojaro xronologiyasi:

  • 2023-yil 7-oktabrda Falastinning HAMAS guruhi Isroilga hujum qilib, kamida 1200 isroillikni o‘ldirdi, 200 dan ortig‘ini garovga oldi.
  • Bunga javoban Isroil G‘azo sektorini nazorat qilayotgan HAMASga qarshi urush e’lon qildi, anklavga intensiv havo hujumlari uyushtirdi va qo‘shin yubordi.
  • G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mojarolar davomida mintaqada 27,5 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan.