7-fevral tongida Samarqand va Jizzax viloyatlarida yuz bergan kuchli shamol ba’zi bir elektr qurilmalarida nosozliklarga sabab bo‘ldi. Energetika vazirligi hozirda ta’mirlash ishlari olib borilayotgani haqida xabar berdi.

Tabiiy ofat sababli Samarqand viloyatida 457 MVt (114 ming 250 ta iste’molchi), Jizzax viloyatida esa 64 MVt (16 mingta iste’molchi) quvvat bilan elektr ta’minotida vaqtinchalik qisqa muddatli uzilishlar bo‘ldi.

Hozirgi vaqtda maxsus brigadalar tomonidan ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Nosozliklar qisqa vaqt ichida bosqichma-bosqich bartaraf qilinib, iste’molchilarning elektr ta’minoti qayta tiklanadi, deyiladi xabarda.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida ham shamol Nasaf ko‘chasidagi tungi bezak uchun o‘rnatilgan qurilmani yerga qulatib yuborgani aytilgandi. Shuningdek, cho‘l hududlariga tutash G‘uzor tumanida ham chang to‘zonlari aks etgan video tarqaldi.

6-fevral kuni Buxoro aerodromida chang bo‘roni tufayli Toshkentdan Buxoroga uchgan samolyot aerodromga qo‘na olmay, poytaxt aeroportiga qaytib keldi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zgidromet 6−8-fevral kunlari respublikaning ayrim joylarida shamol tezligi 17−22 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda ba’zida 25−27 m/s gacha ko‘tarilishini prognoz qilgandi.