Ukraina hukumati xabariga ko‘ra, Rossiya armiyasi 7-fevral kuni ertalab Ukrainaga yana yirik hujumlar uyushtirdi. Kiyev shahri, Nikolayev, Kiyev, Xarkov, Dnepropetrovsk va Lvov viloyatlarida portlashlar sodir bo‘ldi.

Ukraina Qurolli kuchlari Harbiy-havo kuchlarining aniqlik kiritishicha, Rossiya qo‘shinlari Ukraina bo‘ylab hujumlarda jami 64 ta raketa va dron, jumladan, qanotli, ballistik va zenit raketalardan foydalandi. Ukraina havo mudofaasi ulardan 44 tasini — 29 ta raketa va 15 ta dronni yo‘q qildi.

Kiyevda 18 qavatli turar joy binosi raketa hujumi sababli yonib ketdi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, shaharda 21 kishi jarohatlangan, kamida 3 kishi halok bo‘lgan. Ukraina Ichki ishlar vazirligi vayronalar ostida odamlar bo‘lishi mumkinligini ma’lum qildi.

Kiyevga hujum paytida Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel Ukraina poytaxtiga tashrif buyurgandi. U tongni bombapanohda o‘tkazganini bildirib, o‘z suratini e’lon qildi. “Bu Rossiya o‘z noqonuniy agressiyasini boshlaganidan beri jasur Ukraina xalqining kundalik haqiqatidir”, — deb yozdi Borrel X tarmog‘ida.

Nikolayevda 20 ga yaqin turar joy binolari, shuningdek, gaz va suv ta’minoti tarmoqlariga zarar yetdi. Hodisalardan keyin bir kishi reanimatsiyada vafot etdi. Jabrlanganlar bor, ularning soni hali aniq emas.

Xarkov viloyatiga, ma’muriyat ma’lumotlariga ko‘ra, kamida to‘rtta zarba berilgan. Uylar va noturarjoy infratuzilmasi zarar ko‘rgan. Ikki kishi jarohatlangan.

Dnepropetrovsk viloyatida kamikadze dronlari Novomoskovsk viloyatidagi kommunal xizmat ko‘rsatish korxonasiga zarar yetkazdi. Qurbonlar yo‘q.

BBC rus xizmatining qayd etishicha, bu dekabr oyi oxiridan beri Rossiyaning Ukraina shaharlariga qilingan oltinchi ommaviy zarbasidir. Avvalgisi 23-yanvar kuni bo‘lgandi.

Rossiya tomoni Ukraina shaharlariga uyushtirilgan hujumga hozircha izoh bermadi.