Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan Qoraqalpog‘istonda tegishli litsenziyaga ega bo‘lmay turib, Umra xizmatlarini ko‘rsatishga qaratilgan noqonuniy reklamalar joylashtirgan ikki turfirma javobgarlikka tortildi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar qildi.

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi tomonidan aynan turoperatorlarning reklama faoliyati yuzasidan murojaat kelib tushgan. Murojaat tegishliligi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan o‘rganib chiqilgan.

O‘rganishlar davomida bugunga qadar mazkur hududda bunday xizmatlarni ko‘rsatish bilan bog‘liq turistik faoliyatni amalga oshirish bo‘yicha litsenziyaga ega turoperatorlar mavjud emasligi, ular Toshkent shahri va viloyat tur kompaniyalari bilan hamkorlikda ziyoratlarni tashkil etishda ishtirok etayotgani ma’lum bo‘lgan.

Shuningdek, murojaatda bildirilgan ISKANDER TOURS hamda OKS TOURS MCHJlar litsenziyasi mavjud emasligi, shunga qaramay, ijtimoiy tarmoqlarda Umra xizmatlarini ko‘rsatishga qaratilgan noqonuniy reklamalar joylashtirib borayotgani aniqlangan.

O‘zbekiston Respublikasi “Reklama to‘g‘risida”gi qonunining 16-moddasiga muvofiq, ishlab chiqarilishi yoki realizatsiya qilinishi qonunda taqiqlangan tovarlarni, shuningdek, ishlab chiqarilishi va (yoki) realizatsiya qilinishi uchun tegishli sertifikatlari va litsenziyalari, majburiy sertifikatlashtirish guvohnomalari yoki maxsus ruxsatnomalari mavjud bo‘lmagan tovarlarni reklama qilishga yo‘l qo‘yilmaydi deb belgilangan.

Yuqoridagilarga ko‘ra, Qo‘mita maxsus komissiyasi tomonidan “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 47- moddasi, Vazirlar Mahkamasining 225-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomga asosan ISKANDER TOURS hamda OKS TOURS MCHJlariga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, tegishli tartibda javobgarlik belgilash yuzasidan qaror qabul qildi. Shuningdek, jamiyatlarga ushbu holatni bartaraf etib, kelgusida bunday holatga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan bajarilish lozim bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi o‘z vakolati doirasida noqonuniy reklamalarning oldini olish maqsadida muntazam ravishda reklamalar nazoratini olib borayotganini qayd etib o‘tdi.

“Hurmatli fuqarolar! „Umra“ ziyoratiga borishdan avval birinchi navbatda, xizmat ko‘rsatuvchi korxonaning litsenziyasi bilan tanishing, so‘ng reklamada berilgan ma’lumotlarga jiddiy e’tibor berib, ishonch hosil qiling. Noqonuniy reklamalarga duch kelib, bu borada huquqlaringiz buzilgan taqdirda Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoniga murojaat qiling”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq ziyoratchilarni Umradan qaytarib olib kelolmagan Panorama Airways kompaniyasi mansabdori qamoqqa olingani xabar qilingandi.