Shavkat Mirziyoyev va Toshkentga rasmiy tashrif bilan kelgan Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko 7-fevral kuni poytaxtdagi Humo Arena muz saroyida bo‘lib o‘tgan norasmiy xokkey uchrashuviga bordi, deb xabar bermoqda BELTA agentligi va Telegram`dagi “Pul Pervogo” kanali.

Belarus prezidentini aeroportda bosh vazir Abdulla Aripov, tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov, Toshkent shahri hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Umurzoqov va bir kun avval mamlakatga yetib kelgan Belarus tashqi ishlar vaziri Sergey Aleynik kutib olgan.

Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Lukashenko xokkey bo‘yicha Qozog‘iston ochiq chempionati doirasida bo‘lib o‘tgan Toshkentning “Humo” va Ostonaning “Nomad” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvga tashrif buyurishga qaror qilgan.

Suratda sport vaziri Adham Ikromov va tadbirkor, ERIELL Group, Enter Engineering neft-servis kompaniyalari (muz majmuasini qurgan) boshqaruvi raisi Baxtiyor Fazilovni ham ko‘rish mumkin.Suratda sport vaziri Adham Ikromov va tadbirkor, ERIELL Group, Enter Engineering neft-servis kompaniyalari (muz majmuasini qurgan) boshqaruvi raisi Baxtiyor Fazilovni ham ko‘rish mumkin.

“Ma'lumki, har ikki yetakchi ham ushbu sport turini yaxshi ko‘radi. Aleksandr Lukashenko mamlakatda xokkeyning rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash bilan cheklanmay, o‘zi ham Belarus havaskorlar chempionatida o‘z jamoasi tarkibida muzga chiqadi. Shavkat Mirziyoyev esa Toshkentda xokkeyning tiklanishiga bevosita hissa qo‘shdi. Uning ko‘magi tufayli poytaxtda Humo Arena — sig‘imi bo‘yicha Markaziy Osiyodagi birinchi, MDHda “Minsk-Arena"dan keyingi ikkinchi o‘rinda turuvchi muz saroyi qurildi”, — deya ta’kidladi BELTA.

Agentlikning qayd etishicha, Shavkat Mirziyoyev 2019-yilda Belarusga rasmiy tashrif bilan kelganida Aleksandr Lukashenkoga shu mavzuga mos esdalik sovg‘asi — xokkeychi haykalini sovg‘a qilgan.

Prezident matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, o‘yin yakunida oliy martabali mehmonlarga ularning ismlari tushirilgan xokkey kiyimi topshirilgan.


Prezidentlar 8-fevral kuni Toshkentda rasmiy muzokaralar o‘tkazadi.

aleksandr lukashenko, belarus, humo arena, shavkat mirziyoyev, toshkent

“Gazeta.uz” muxbirining xabar berishicha, “O‘zbekiston” metro bekatining Humo Arena`ga chiqish yo‘li Milliy gvardiya xodimlari tomonidan to‘sib qo‘yilgan va odamlar ichkariga kiritilmagan. “Milliy gvardiya xodimlari chiqish yo‘lini to‘sib qo‘yish sababini tushuntirmadi. Odamlar yana qancha turish kerakligini so‘radi, chunki ularning ko‘pchiligi Xalqlar do‘stligi saroyidagi konsertga ketayotgan edi. Oqibatda konsertga ketayotganlar orqaga qaytib, saroyga Tashkent City tomon bilan piyoda bordi”, — dedi jurnalist.

Belarus prezidenti O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan 1994 va 2018-yillarda, amaliy tashrif bilan 2016 (ikki marta) va 2022-yillarda kelgan. 2014 va 2019-yillarda O‘zbekiston prezidentining Belarusga rasmiy tashriflari bo‘lib o‘tgan.