O‘zbekiston Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) sud orqali Binance xalqaro kriptobirjasidan mamlakatda litsenziyasiz faoliyat yuritgani uchun jarima to‘lashni talab qilmoqda. Bu haqda agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak jurnalistlarga ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, yanvar oyida ILMA kripto-aktivlar aylanmasi sohasini tartibga soluvchi organ sifatida Binance`ni litsenziyasiz ishlagani uchun 102 million so‘m jarimaga tortgandi.

“Kutilganidek, ular buni to‘lashdan bosh tortishdi. Shuning uchun O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligidan kelib chiqib, sudga tegishli da’vo bilan murojaat qilamiz va tegishli qaror qabul qilinadi”, — dedi Vyacheslav Pak.

Unga ko‘ra, ILMA sud qarorlarini rasmiy kanallar orqali kriptobirja ro‘yxatdan o‘tgan yurisdiksiyaga ijro etish uchun yuboradi. “Biz Binance faoliyati qonunchiligimiz talablariga mos kelishini rasman ta’minlaymiz”, — deya qo‘shimcha qildi agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari.

O‘zbekistonda 2022-yil avgust oyida sakkizta kriptobirja, jumladan, eng mashhurlari — Binance, Kraken, FTX, Huobi Global veb-saytlariga kirish bloklangandi.

Mamlakatda kriptovalyutani sotish faqat ILMA tomonidan litsenziyalangan ixtisoslashgan kriptobirjalar orqali amalga oshirilishi mumkin. Shu bilan birga, kriptovalyuta almashinuvining elektron tizimlari mamlakat ichidagi serverlarda joylashtirilishi kerak. 2023-yil 1-yanvardan O‘zbekistonda fuqarolar va yuridik shaxslar kriptoaktivlarni sotib olish, sotish va almashtirish bo‘yicha operatsiyalarni faqat milliy provayderlar orqali amalga oshirishlari mumkinligi belgilangan.