7-fevral kuni O‘zbekistonning yangi bosh konsuli Abdurahmon Mahmudov Rossiyaning Sankt-Peterburg shahriga yetib keldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Qayd etilishicha, 37 yoshli bosh konsul Namangan davlat universiteti (bakalavr) va Toshkent davlat yuridik universiteti (magistratura)ni tamomlagan. Diplomat jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri sudida, Tashqi ishlar vazirligi tuzulmasida turli lavozimlarda ishlagan. 2019−2023-yillarda O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasida birinchi kotib, so‘ngra maslahatchi bo‘lib faoliyat yuritgan.

U 2019-yildan 2024-yilgacha Sankt-Peterburgdagi bosh konsullikni boshqargan Alisher Babayev o‘rniga tayinlandi.

Ma’lumot uchun, bosh konsullikning okrugiga Rossiyaning Shimoli-G‘arbiy mintaqalari — Kareliya Respublikasi, Komi Respublikasi, Arxangelsk, Vologda, Kaliningrad, Leningrad, Murmansk, Novgorod, Pskov viloyatlari, Sankt-Peterburg shahri va Nenets avtonom okrugi kiradi.