Huquqni muhofaza qilish organlari bilan birgalikda Xorazm viloyati hududida qimmatli daraxtlarning kesilishi hamda shikastlantirilishi bilan bog‘liq holatlarni aniqlash bo‘yicha nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda, deya xabar berdi viloyat Ekologiya boshqarmasi.

Xususan, Gurlan tumanida joylashgan “X.O.” fermer xo‘jaligi rahbari N.X. tomonidan 81 tup tabiiy holda o‘suvchi, biologik sog‘lom turong‘il daraxti noqonuniy kesilgani aniqlangan. Tabiatga 618,1 million so‘mlik zarar yetkazilgan.

Holat yuzasidan fermer xo‘jaligi rahbariga nisbatan Jinoyat kodeksining 198-moddasi (Ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mazkur ayblov sudda o‘z isbotini topsa, fermer xo‘jaligi rahbari bazaviy hisoblash miqdorining (hozirda u 340 ming so‘m) yuz baravaridan yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima to‘laydi yoki ikki yuz qirq soatdan uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlariga jalb qilinishi mumkin. Yoxud bir yildan ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida Toʼpalang HPD Holding MCHJ mas’ullari kanal qirg‘og‘idagi 150 tup daraxtni ildizlari bilan qo‘porib olgandi. Buning oqibatida tabiatga 1,1 mlrd so‘m zarar yetgan.

Andijon viloyati Asaka tumanida esa ko‘p yillik 6 tup chinor daraxti kesilishi oqibatida tabiatga 317 mln so‘mlik zarar yetkazilgani aniqlangandi.