Shavkat Mirziyoyev 5-fevral kuni o‘tgan videoselektor yig‘ilishida maktablardagi ta’lim sifati haqida ham gapirdi.

Prezident matbuot kotibining xabar berishicha, 2024-yilda maktablar va maktab ta’limiga 46 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ ajratish rejalashtirilgan.

Lekin matematika, o‘qish va tabiiy fanlar bo‘yicha o‘tkazilgan 2022-yilgi PISA xalqaro dasturi natijalari sohada qilinadigan ishlar hali ko‘pligini aniq ko‘rsatdi, — deydi davlat rahbari.

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) o‘quvchilarning ta’limdagi ko‘rsatkichlarini baholash bo‘yicha xalqaro dastur — PISA`ning 2022-yilgi natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston har uch yo‘nalish bo‘yicha ham oxirgi o‘ntalikdan joy olgan: matematik savodxonlik — 364 ball (tadqiqotda ishtirok etgan davlatlar ko‘rsatgan o‘rtacha natija 472 ball bo‘ldi), o‘qish savodxonligi — 336 ball (476 ball), tabiiy-ilmiy savodxonlik bo‘yicha — 355 ball (485 ball).

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq, O‘zbekiston 2030-yilgacha PISA natijalari bo‘yicha top-30 davlat qatoriga kirishni rejalashtirmoqda.

Videoselektorda, shuningdek, 500 ta maktabda yangi baholash tizimi joriy qilinib, haqiqiy bilim qay darajada ekani aniqlangan. Hozirda 1−11-sinflarda xorijiy tilga ajratilgan 984 soat doirasida o‘quvchilarni yarmi ham “B1” darajaga ega bo‘la olmayotgani ko‘rsatildi.

Bundan tashqari, ayrim hududlardagi malaka oshirish markazlarining faoliyati ko‘rinmayotgani qayd etildi.

Yig‘ilishda maktab ta’limidagi islohotlarni yanada jadallashtirishga qaratilgan vazifalar belgilab berildi.

Qayd etilishicha, 2023-yilda Respublika ilmiy-metodik markazi tashkil etilgan. Shu bilan birga, o‘tgan hafta Loyiha ofisi tashkil qilindi va katta ilmiy-amaliy tajribasi bor va salohiyatli kadrlar jamlandi.

Markaz va ofisga Maktabgacha va maktab ta’limi, Oliy ta’lim vazirliklari bilan birgalikda:

  • maktablarda matematika, fizika, kimyo, biologiya va xorijiy tillar bo‘yicha o‘quv reja va dasturlarini xalqaro standartlar asosida yangilash;
  • o‘quvchilar bilimi, tahliliy, tanqidiy va kreativ fikrlashi, muammolarga yechim topib, amaliyotda qo‘llay olish ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan o‘quv metodikalarini ishlab chiqish topshirildi.

Bunda, tan olingan xorijiy dasturlar (A-level, IB kabi), o‘quvchi va muallimlar bilimini baholashda xalqaro tajribalar (PISA, TIMSS, PIRLS) bosqichma-bosqich joriy etiladi. 2024-yilda Prezident maktablari ta’lim dasturi yana mingta maktabda boshlanadi. Hokimlar ularni moddiy-texnik bazasini yaxshilashga mas’ul bo‘ladi.