Parij aholisi 4-fevral kuni bo‘lib o‘tgan shahar referendumida yo‘ltanlamas avtomobillar uchun avtoturargohlardan foydalanish narxini uch barobar oshirishni qo‘llab-quvvatladi, deb yozdi The Guardian. Shu tarzda rasmiylar ushbu turdagi avtomobillarning havo ifloslantirishiga qarshi kurashmoqchi.

Referendum ishtirokchilarining 54,6 foizi yangi tartib uchun ovoz berdi. Shu bilan birga, ovoz berishda ishtirok etishi mumkin bo‘lgan 1,3 million parijlikning taxminan 6 foizi ishtirok etdi.

Yangi tariflar joriy yilning sentabr oyidan kuchga kirishi kutilmoqda. Yo‘ltanlamas avtomobillarni turargohga qo‘yish narxi Parijning markaziy tumanlarida 18 yevrogacha, qolgan okruglarida esa 12 yevrogacha oshadi.

Tariflar og‘irligi 1,6 tonnadan ortiq an’anaviy va gibrid dvigatelli transport vositalariga, shuningdek, og‘irligi ikki tonnadan ortiq bo‘lgan elektromobillarga nisbatan qo‘llanadi.

Parij meriyasi, shuningdek, avtohalokatlar paytida “piyodalar uchun oddiy mashinadan ikki baravar xavfliroq” bo‘lgan yo‘ltanlamaslar bilan bog‘liq yo‘l harakati xavfsizligi muammolariga ham e’tibor qaratdi. Shuningdek, ular yo‘lda ham, to‘xtash joylarida ham jamoat joylarini ko‘proq egallaydi, deydi Parij rasmiylari.

London Fransiya poytaxtidan o‘rnak olishni rejalashtirmoqda, deb yozdi The Guardian. “Yo‘ltanlamaslar ko‘proq joy egallaydi va bilamizki, bizda yo‘l harakati xavfsizligi, uglerod chiqindilari bilan bog‘liq va boshqa muammolar mavjud”, — dedi London meri Sodiq Xon shaharda ushbu mashinalar uchun to‘xtash joylari narxlarining oshishi mumkinligi haqida gapirib.

2023-yil sentabridan boshlab Parijda elektr skuterlarni ijaraga olish ham taqiqlangan. Bunday qaror ular ishtirokidagi baxtsiz hodisalar sonining ko‘payishi tufayli qabul qilingan.