Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev farmoni bilan mamlakat Prezident administratsiyasi rahbari Oljas Abayevich Bektenov egallab turgan lavozimidan ozod etilib, mamlakat bosh vaziri etib tayinlandi. Tegishli farmonni davlat rahbari matbuot xizmati e’lon qildi.

5-fevral kuni Toqayev hukumatning iste’fosini qabul qilgandi. Bosh vazir vazifasini bajaruvchi etib Roman Sklyar tayinlangandi. Hujjatda Qozog‘iston hukumati a’zolari hukumatning yangi tarkibi tasdiqlanmaguncha o‘z vazifalarini bajarishda davom etishi qayd etilgan.

Bosh vaziri lavozimiga Oljas Bektenov nomzodini prezidentga “Amanat” siyosiy partiyasi nomidan Parlament Majilisi va “Amanat” partiyasi raisi Erlan Koshanov taklif qildi.

Shundan so‘ng mamlakatning amaldagi qonunchiligiga muvofiq davlat rahbari taklif etilgan nomzodni parlamentdagi partiya fraksiyalari rahbarlari bilan muhokama qildi.

“Tajribali davlat xizmatchisi, oliy ma’lumotli, tashkilotchilik qobiliyati yaxshi, mehnatkash. Shu bois o‘z maqsadlariga erishish uchun uning salohiyati yetarli, deb o‘ylayman”, — deya izohladi Toqayev Oljas Bektenov nomzodi bo‘yicha qarorini.

Shuningdek, prezident hukumatni iste’foga chiqarish qarorini quyidagicha izohladi:

“Hukumat tezkor qarorlar qabul qilish va samarali qadamlar qo‘yishda yangi, muhim rol o‘ynashi kerak. Xalqimiz farovonligi yo‘lida iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishni rag‘batlantirish bo‘yicha dadil, qat’iy qarorlar qabul qilishimiz zarur. Yangi voqelikka moslashish kerak. Biz yangi qiyinchiliklarga dosh bera olishimiz, hukumat bunga tayyor bo‘lishi darkor. Hukumat faoliyatiga yangi turtki berish kerak, buni jamoatchilik ham kutmoqda. Shu sababdan Alixan Smailovning iste’fosini qabul qildim. Uning rahbarligidagi hukumat barcha sohalarda barqarorlikni ta’minladi”.

Oljas Bektenov haqida

  • Oljas Abayevich Bektenov 1980-yil 13-dekabrda Olmaota shahrida tug‘ilgan.
  • 2001-yilda Qozog‘iston davlat yuridik akademiyasini tamomlagan.
  • 2006−2009-yillarda Prezident administratsiyasida turli lavozimlarda ishlagan.
  • 2009−2012-yillarda Qozog‘iston Adliya vazirligining ro‘yxatga olish xizmati va huquqiy yordam ko‘rsatish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
  • 2012−2014-yillarda Qozog‘iston Iqtisodiy jinoyatlar va korrupsiyaga qarshi kurash agentligida bo‘lim boshlig‘i bo‘lgan.
  • 2015−2016-yillarda — Ostona shahri hokimi apparati rahbari bo‘lgan, Qozog‘iston Prezident administratsiyasi rahbari kotibiyatini boshqargan.
  • 2016−2017-yillarda Korrupsiyaga qarshi kurash milliy byurosining Ostonadagi departamentini boshqargan.
  • 2017−2018-yillarda Aqmola viloyati hokimining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
  • 2018-yil iyunidan Qozog‘iston Davlat xizmati va korrupsiyaga qarshi kurash ishlari bo‘yicha agentligi raisining o‘rinbosari bo‘lgan, 2019-yil iyunida Qozog‘iston Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi rahbarining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan. 2022-yil fevralidan 2023-yil apreligacha agentlikni boshqargan.
  • 2023-yil 3-aprelda davlat rahbarining farmoni bilan Oljas Bektenov Qozog‘iston Prezident administratsiyasi rahbari lavozimiga tayinlangandi.