Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanets Osiyo kubogi chorak finalida Qatardan uchralgan mag‘lubiyatdan so‘ng (1:1, penaltilar seriyasida 2:3) uchrashuv yakunlari haqida fikr bildirdi.

“Bu — qayg‘uli lahza. Buni qabul qilishimiz kerak, bu — futbolning bir qismi. Rostini aytsam, nega kimdir xafa bo‘lishi kerakligini tushunmayapman. Bizdagi barcha muammolarni (asosiy o‘yinchilarning jarohatlari — tahr.) inobatga olsak, Osiyo kubogida yaxshi o‘ynadik. Menimcha, Qatarga qarshi o‘yinda biz yaxshiroq o‘ynagan jamoa bo‘ldik, shunchaki gol ura olmadik. Ko‘proq vaziyatlar yarata oldik, hujumchilarsiz ham ko‘proq zarba bera oldik. Penaltilar seriyasi har doim qiyin, ruhiy jihatdan kuchli bo‘lish kerak, biz bunday emasdik. Aytmoqchimanki, futbolchilar o‘zlariga ko‘proq ishonishi kerak, chunki ular 100 foiz emas, 120 foizli ko‘rsatkichni berishdi”, — dedi u Championat Asia nashriga bergan intervyusida.

Katanets natijadan xafa emasligini aytdi, chunki “bu — futbol”.

Jamoa yarim finalga chiqa olmagani uchun Futbol assotsiatsiyasi bilan muammolar bo‘lish-bo‘lmasligi va uning o‘z lavozimida qolishi haqidagi savolga bosh murabbiy kulib, shunday javob berdi: “Hazillashyapsizmi? Katta rahmat”. Shundan so‘ng u jurnalistni tark etdi.

Eslatib o‘tamiz, milliy terma jamoa Katanets boshchiligida 10 ta o‘yin o‘tkazib, 6 ta g‘alaba qozongan, 3 ta durang o‘ynagan, 21 ta gol urgan va 6 ta o‘tkazib yuborgan. Yagona mag‘lubiyat Qatarga qarshi o‘yinda penaltilar seriyasida qayd etildi.