Osiyo kubogi chorak finalida Qatardan penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘lgan (1:1, 2:3) O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchilari o‘yin natijalari haqida fikr bildirdi.

uмар эшмuродов, фuтбол, қатар, осиё kubogi-2023

Yarim himoyachi Odiljon Hamrobekov Championat.Asia nashriga bergan intervyusida “futbolchilar g‘alaba uchun borlarini berishdi”, — deya ta’kidladi.

“Uchrashuv haqida nima deymiz? Bolalar borini berishdi. Penaltilar seriyasi, o‘zingiz bilasiz, lotereya. Shu. Aytadigan gap ham yo‘q. Bolalar g‘alaba uchun borlarini berdi. Bir nima deyolmayman… Penaltilar seriyasini mashg‘ulot qilmagandik. Hakamlikka kelsak, hakam o‘zi qaror qabul qiladi, uning ishiga aralashish futbolchilarning ishi emas”, — deydi u.

uмар эшмuродов, фuтбол, қатар, осиё kubogi-2023

Himoyachi Umar Eshmurodovning fikricha, jamoa o‘yinga yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan, ammo yutqazdi.

“Lekin turnir biz uchun yaxshi o‘tdi. Bu jamoa hali shakllanib, Jahon chempionati saralashida ancha yaxshi qatnashadi… Ikkinchi taymni yaxshi o‘tkazdik, lekin qo‘shimcha bo‘limda yana qo‘shishimiz kerak bo‘lgan joyida biz qo‘shmadik. Balki charchab qolgandir bolalar, lekin, o‘ylashimcha, biz yana qo‘sha olardik. Shuning uchun qo‘shimcha bo‘limlarda ularga yana qo‘shimcha bosim qilishimiz kerak edi, shunda ularga qiyin bo‘lardi. Hakam borasida e’tirozim yo‘q”, — deydi u.

uмар эшмuродов, фuтбол, қатар, осиё kubogi-2023

Maydonga sardor sifatida tushgan va penaltilar seriyasida so‘nggi zarbani golga aylantira olmagan Jaloliddin Masharipov muxlislardan kechirim so‘radi.

“Birinchi navbatda, muxlislardan uzr so‘rayman. Penaltini yaxshi tepmadim. O‘yinga kelsak, birinchi goldan keyin tezda qaytib oldik, gol urdik. Bundan tashqari, imkoniyatlarimiz bor edi, foydalana olmadik. Buning ustida ishlaymiz”, — dedi u.

Uning fikricha, futbolchilar o‘yinga qaytib olish uchun ko‘p kuch sarfladi, shu sababli qo‘shimcha bo‘limlarda yomon o‘yin ko‘rsatdi.

“Qo‘shimcha bo‘limlarda sal charchadik, chunki gol qo‘yib yuborganimizdan keyin gol urish uchun ko‘p kuch yo‘qotdik… Albatta [Srechko Katanets terma jamoani jahon chempionatiga olib chiqa oladi]. Jarohat tufayli safdan chiqqan 5−6 nafar asosiy o‘yinchimiz yo‘q edi, bu bizga xalaqit berdi. Agar ular o‘ynaganida, biz 120 daqiqa o‘ynamagan, 90 daqiqada o‘yinni hal qilgan bo‘lardik”, — dedi u.

Masharipov Osiyo kubogidagi natija jamoani qoniqtirmaganini aytdi.

“Mening o‘zim mashg‘ulotlardan keyin doim penaltilarni tepaman. Ularning darvozaboni bizlarni kuzatgan ekan. Kim qanday tepishini. Men tepgan paytimda u o‘rtada oxirigacha turdi (Masharipov markazga zarba berdi — tahr.). Uzr, shunaqa bo‘ldi, lekin ko‘proq ishlaymiz… Xudo xohlasa, hamma bolalar jarohatdan qaytsa, bizdan albatta, [JCH-2026] yo‘llanmasini kutsa bo‘ladi”, — deya qayd etdi futbolchi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Osiyo kubogi tarixida uch marta penaltilar seriyasida ishtirok etgan va barchasida mag‘lubiyatga uchragan. 2004-yilda Xitoyda (Bahraynga qarshi — 2:2, penaltilar bo‘yicha 3:4), 2019-yilda BAAda (Avstraliyaga — 0:0, penaltilar bo‘yicha 2:4), 2023-yilda Qatarda (Qatarga qarshi — 1:1, penaltilar bo‘yicha 2:3).