2-fevral kuni Sardor Baxtiyorovich Radjabov hamda Farxod Esanovich Boqiyev maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Buni vazirlik “Gazeta.uz”ga tasdiqladi.

Sardor Radjabov (1988-yilda tug‘ilgan) ushbu lavozimga tayinlangunga qadar vazirlikning Ta’lim sifatini baholash, litsenziyalash va akkreditatsiya departamenti direktori, avvalroq (2020-yil iyul oyidan) Davlat test markazi direktori o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti bitiruvchisi (2008-yil — bakalavriat, 2018-yil — magistratura).

Farxod Boqiyev (1980-yilda tug‘ilgan) bungacha Oliy Majlis Senatining Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash qo‘mitasi raisi o‘rinbosari bo‘lgan. U 2020-yil yanvar oyida senator etib saylangan. Boqiyev bungacha Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining Sirdaryo viloyati bo‘limi boshlig‘i lavozimida ham ishlab kelgan.