Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga ko‘ra O‘zbekiston Qirg‘izistonga Bishkek issiqlik elektr stansiyasidagi avariya munosabati bilan zarur yordam ko‘rsatadi. Bu haqda tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov 2-fevral kuni qirg‘izistonlik hamkasbi Jeenbek Kuluboyev bilan suhbatda aytib o‘tdi, deb xabar berdi Qirg‘iziston TIV matbuot xizmati.

O‘zbekiston tomoni yordam sifatida Andijondan O‘shga suyultirilgan gaz ballonlarini jo‘natdi, deyiladi xabarda.

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi rahbari qo‘shni davlatga “birodarlarcha gumanitar yordam ko‘rsatishga tayyorligi uchun samimiy minnatdorlik bildirdi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, Turkmaniston Bishkek issiqlik elektr stansiyasidagi avariya munosabati bilan ushbu mamlakat prezidenti Serdar Berdimuhamedov topshirig‘iga binoan suyultirilgan gaz yetkazib berish ko‘rinishida gumanitar yordam ko‘rsatish niyatida, deb xabar qildi Qirg‘iziston TIV.

2-fevralga o‘tar kechasi shaharning katta qismini issiqlik bilan ta’minlaydigan Bishkek issiqlik elektr stansiyasidagi qozonlardan birida portlash sodir bo‘ldi. Issiqlik ta’minoti va issiq suv cheklovlari shahar aholisining 66 foiziga ta’sir ko‘rsatdi. Maktab va bog‘chalar 5-fevralgacha onlayn o‘qitishga o‘tkazildi.

Issiqlik elektr stansiyasiga Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov tashrif buyurib, restavratsiya ishlarining borishini ko‘zdan kechirdi. Prezident vaziyatni shaxsiy nazoratiga olgan va avariya oqibatlarini imkon qadar tezroq bartaraf etishni buyurgan.