O‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov Xalqaro shaxmat federatsiyasining (FIDE) yanvar oyidagi reytingida dunyoning eng yaxshi 15 nafar shaxmatchisi qatoriga kirdi.

19 yoshli shaxmatchi bir oy ichida turnir jadvalida 22-o‘rindan 15-o‘ringa ko‘tarildi, Elo reytingi esa 2727 dan 2744 ga ko‘tarildi. Nodirbek Abdusattorov O‘zbekiston tarixida bunday reytingga erishgan birinchi shaxmatchi bo‘ldi. 2015-yilning may oyida shaxmat bo‘yicha 17-jahon chempioni Rustam Qosimjonovning maksimal reytingi 2715 ballni tashkil etgandi, ammo u o‘shanda 11-o‘ringa ko‘tarilgan.

Yanvar oyida Nodirbek Abdusattorov yuqori darajadagi shaxmatchilar bilan Tata Steel Chess superturnirida qatnashib, 13 turda oltita g‘alaba, beshta durang natija qayd etdi va ikki marta mag‘lubiyatga uchradi. “Gazeta.uz” ushbu turnir o‘zbekistonlik shaxmatchi uchun qanday kechgani haqida yozgandi.

18 yoshli Javohir Sindarov o‘tgan oy rasmiy o‘yin o‘tkazmagan bo‘lsa-da, 2701 ball bilan dunyo reytingida 35-o‘ringa ko‘tarilib oldi.

Rustam Qosimjonov (2687) bir oy oldingi 49-o‘rindan 47-o‘ringa ko‘tarilib oldi, ammo reytingi bir ballga pastladi.

Shaxmat olimpiadasi chempioni 20 yoshli Nodirbek Yakubbayev (2661) ham birorta o‘yin o‘tkazmagani bois 76-o‘ringa tushib ketdi (-1).