2023-yilda vafot etganlarning umumiy soni 172,8 ming kishini tashkil etdi. Bu haqda Statistika agentligining demografik holatga doir hisobotida aytiladi.

So‘nggi yillarda o‘limning eng yuqori ko‘rsatkichi 2020-yilda (13,6 foiz) kuzatilgan, bu, aftidan, koronavirus pandemiyasining ta’siri bilan bog‘liq. Keyingi ikki yil ichida — 2021 va 2022 — avvalgi yilga qaraganda kamroq odam vafot etdi (mos ravishda 0,6 foiz va 1,4 foiz). 2023-yil oxirida yana o‘sish kuzatila boshladi — o‘tgan yilga nisbatan 0,4 foizga ko‘paydi.

demografiya, o‘lim darajasi

O‘tgan yili 95 ming nafar erkak va 77,8 ming nafar ayol vafot etgan (2022-yilga nisbatan bu tendensiyada o‘zgarishlar kuzatilmagan). Vafot etganlar soni shahar joylarida 93,6 ming kishini, qishloq joylarida — 79,2 ming kishini tashkil etdi (vaziyat 2022-yildagidek).

2023-yilda vafot etganlarning 8,8 foizi mehnatga layoqatli yoshdan kichiklar, 24,6 foizi mehnatga layoqatli yoshdagilar, 66,6 foizi mehnatga layoqatli yoshdan kattalar hisoblanadi. 2022-yilda umumiy o‘lim ko‘rsatkichining 20 foizi 20 yoshgacha, 24,6 foizi 20 yoshdan 59 yoshgacha va 55,4 foizi 60 yosh va undan katta bo‘lgan shaxslar bilan sodir bo‘lgani xabar qilingan. Shu tariqa bolalar va yoshlar o‘rtasidagi o‘lim ulushining sezilarli (2,3 baravar) qisqarishi va qariyalar ulushining biroz o‘sishi kuzatilgan.

2023-yilda ro‘yxatga olingan o‘lim sabablarining 61,1 foizini qon aylanish tizimi kasalliklari, 10,8 foizini o‘simtalar, 5,5 foizini nafas olish a’zolari kasalliklari, 4,8 foizini baxtsiz hodisalar, zaharlanish va jarohatlanishlar, 4,1 foizini ovqat hazm qilish a’zolari kasalliklari, 1,3 foizini yuqumli va parazitar kasalliklar, 12,4 foizini boshqa kasalliklar tashkil etdi.

2022-yilda ham qon aylanish tizimi kasalliklari o‘limning eng asosiy sababi bo‘lgan, biroq ulushi kamroq edi — atigi 55,5 foiz. Ikkinchi o‘rinda respirator kasalliklar qayd etilgan edi, 2023-yilda ularning ulushi ikki baravar (9,6 foiz) kamaydi. Shu bilan birga, o‘simtalardan o‘limlar ulushi ortdi (8 foiz).

Hududlar kesimida vafot etish koyeffitsiyenti eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida — 5,2 promille, Qoraqalpog‘iston, Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida — 5,1 promilleni tashkil etdi. Eng past ko‘rsatkich Navoiy va Buxoro viloyatlarida — 4,3 promille.