1-fevral kuni Toshkent shahrining sobiq hokimi, tadbirkor Jahongir Ortiqxo‘jayev Termiz shahrida o‘tkazilgan biznes marafon doirasida yoshlar bilan uchrashib, ularga tadbirkorlikdagi tajribasidan misollar keltirdi.

“Rahmatli otam biznesga kirishimdan juda qo‘rqardi. „Sen bir kun qamalib ketasan“, — derdi. Men biznesga yosh kirganman, o‘sha vaqtda hamma narsa mumkin emasdi, juda og‘ir vaziyatlar… Nima qilsangiz ham, o‘sha ishni professionallik bilan qilavering”, — deya tavsiyalar berdi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘pchilik yoshlar unga “Akajon, men o‘qiymi yoki biznes qilaymi?” degan savol bilan murojaat qiladi.

“Bu — javob berish kerak bo‘lgan eng og‘ir savollardan bittasi. Bunga nima javob bera olasiz? „O‘qimang, ishga boring“ desangiz, ularni noto‘g‘ri yo‘lga boshlab qo‘ygan [bo‘lasiz]. „O‘qigin“ desang, uning oilasi yana 5−6 yil azobda yashashi mumkin…”, — deydi u.

Sobiq hokimning fikricha, odam “Agar ishlasang, bu pulni nima qilmoqchisan?” degan savolga javob berishi kerak. Ikki xil javob bo‘ladi: ba’zilar mashina olaman, deydi, chunki uning o‘rtog‘ida mashina bor. Yoki “Qizlar e’tibor berishi uchun chiroyli kiyinib yuraman”, deyishadi.

Jahongir Ortiqxo‘jayev Zoʻr TV telekanalining “Boriga baraka” ko‘rsatuvi doirasida o‘tkazilgan tajriba haqida gapirdi. Mazkur ko‘rsatuvda turli sovrinlar — gugurtdan tortib kvartira, avtomobilgacha o‘ynaladi.

“Eksperiment shunday bo‘ldiki, sen mashina yutib olsang, nima qilasan, deb so‘radik. „Maza qilib haydayman“ deyishdi. „Mashinang bor-ku?“ „Nima qilibdi, ikkita bo‘ladi“ deb javob berishadi. Ikkinchisi esa agar mashina yutib olsa, muammolarini hal qilish uchun sotib, bir qismini biznesga sarmoya qilishini aytdi. Mana shunday deganlar mashina yutib oldi. Ikkita mashina haydayman deganlar esa g‘alaba qozonmay, gugurt bilan ketishdi”, — deydi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Tadbirkor nima ish qilishdan qat’i nazar, o‘z oldiga aniq maqsad qo‘yib, unga intilish kerakligi, shunda muvaffaqiyatga erishish mumkinligini ta’kidladi.

“Mening bir sirim: hech kim yo‘q uyga kirib, tush vaqti uch soat uxlayman. Uyg‘onganimdan keyin g‘oyalar keladi. Hech kim yo‘q joyda uxlayman, hech kim bilan ko‘rishmayman va yotib uxlayman. Ozgina uyqu gipnoziga kirishingiz kerak, hech kim bilan muloqot qilmaslik kerak, keyin yo‘lingizni topasiz. Shuning uchun, pulni nimaga qarab xarajat qilmoqchisiz va shunga asoslanib biznes qilishingiz kerak”, — deydi tadbirkor.

Shuningdek, u Artel kompaniyasining brend ambassadori sifatida nega bokschi Bahodir Jalolov tanlangani haqida gapirdi.

“Nega konditsionerlar [reklamasi] uchun Bahodir Jalolov tanlandi? Konditsionerning puflashi kuchni bildiradi. Ya’ni Bahodir Jalolov — kuch. Agar men u yerga chiroyli, nimjon, yosh qizni qo‘yganimda, konditsionerlarning kuchini ko‘rsatib bera olmasdi”, — deb tushuntirdi tadbirkor.

Jahongir Ortiqxo‘jayev reklama va ushbu reklama aktyorlarini tanlashda mamlakat, mintaqa mentalitetiga, uning aholisining xohish-istaklaridan kelib chiqib, mavsumiy va boshqa omillarni hisobga olish kerakligini ta’kidladi.

“Hududlardagi kichik ishlab chiqaruvchilarning ko‘ngli tushib ketayotganidan afsusdaman. Qo‘rqmang! Tovar bu yerda ketmasa, boshqa shaharga: Toshkentga, Samarqandga, millionlab aholisi bor yirik shaharlarga boring. Albatta, oladigan odam topiladi… Masalan, men Qoraqalpog‘istonda changyutkich ishlab chiqaraman, lekin ularning bir donasini ham O‘zbekistonda sotmayman. Hammasini faqat Rossiya bozori uchun ishlab chiqaraman. Rossiyada sotish uchun Rossiyada zavod ochish shart emas… Qoraqalpog‘iston orqali Rossiyaga logistika nuqtai nazaridan borish osonroq, lekin Toshkentdan yo‘l uzoqroq. Masalan, har bir yuk mashinadan 1200 dollardan yutaman”, — deydi u.

Toshkent shahrining sobiq hokimi o‘z biznesini ochish, kengaytirishni rejalashtirgan, yangi bozor topish yoki mahsulotlarni ilgari surish istagida bo‘lgan yoshlar vakillarining savollariga ham javob berdi.

biznes marafon, жаҳонгир ортиқхўжаев, сuрхонdaрё вилояти

Biznes-marafonda, shuningdek, Korzinka.uz supermarketlar tarmog‘i asoschisi Zafar Hoshimov, M-Faktor, DDdeli va EduOn loyihalari asoschisi Xusan Mamasaidov, SAP savdo direktori, Top Contact Center va BookCafe asoschisi Laziz Adxamov, Biznes-spiker va Cambridge o‘quv markazlari asoschisi Umid Ishmuhammedov, Yevropol va Alibazar kompaniyalari asoschisi Alisher Avazovlar ham ishtirok etdi.

Surxondaryo hokimligi yig‘ilishning to‘liq videosini YouTube`da e’lon qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jahongir Ortiqxo‘jayev yetti kompaniya, jumladan, Magic City parki va Mediapark savdo do‘konlari tarmog‘ini sotganini aytgandi. “Gazeta.uz” ochiq ma’lumotlarga asoslanib, ayni paytda ushbu kompaniyalar kimga tegishli ekanini o‘rganib chiqqan.