2-fevralga o‘tar kechasi Bishkekdagi issiqlik elektr stansiyasida portlash yuz berdi va shahar aholisiga issiq suv ta’minoti butunlay to‘xtatildi, deb xabar berdi Qirg‘iziston Energetika vazirligi. Ushbu IES shaharning aksariyat qismini issiqlik bilan ta’minlaydi.

Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa taxminan soat 3:00 da sodir bo‘lgan, IESdagi qozonlardan biri portlagan. Yong‘inni oltita o‘t o‘chirish brigadasi bir necha soat davomida o‘chirgan.

Portlash oqibatida IESda ishlayotgan besh kishi jarohatlangan, ulardan ikki nafarining ahvoli o‘ta og‘ir deb baholanmoqda. Jabrlanganlarning yuzi, bo‘yni, gavdasi va yuqori nafas yo‘llarida I, II va III darajali kuyish jarohatlari yuzaga kelgan.

Issiqlik va issiq suv ta’minotidagi cheklovlar shahar aholisining 66 foizini qamrab oldi, deb yozdi 24.kg Bishkek hokimiyatiga tayanib. Umuman olganda, favqulodda uzilish 2493 ta ko‘p xonadonli turar-joy binolariga ta’sir ko‘rsatdi, 60 ming xonadon issiqlik ta’minotisiz qoldi.

Shahar maktablari va bog‘chalari 5-fevralgacha onlayn ta’limga o‘tkazildi.

Qirg‘iziston Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbari Boobek Ajikeyevning ma’lum qilishicha, rasmiylar portlash sababi sifatida bir qancha versiyalarni, jumladan, uyushtirilgan sabotajni ko‘rib chiqmoqda, chunki, uning so‘zlariga ko‘ra, “IESda avariyagacha ham portlash ovozlari eshitilgan”. Holatga texnogen omillar ham sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin, deya qo‘shimcha qildi u.

Energetika vazirligi portlash sabablarini aniqlash uchun tezkor shtab tuzib, vaziyatni 2−3 kun ichida bartaraf etishga va’da berdi. FVV esa bu 5−7 kun vaqt olishini aytdi. IESda favqulodda holat e’lon qilindi.

Baxtsiz hodisa tufayli Qirg‘iziston hukumati rahbari Akilbek Japarov Yevrosiyo hukumatlararo kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etish uchun Qozog‘istonga rejalashtirgan safarini bekor qilib, Bishkekka qaytib keldi. O‘tgan yilning sentabr oyida u isitish mavsumida baxtsiz hodisalar ro‘y beradigan bo‘lsa, amaldorlarni zudlik bilan ishdan bo‘shatishini aytgan edi.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov ham IESga tashrif buyurib, qayta tiklash ishlarining borishini ko‘zdan kechirdi. Vaziyatni shaxsiy nazoratga olib, portlash oqibatlarini tezroq bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Akilbek Japarov va Sadir Japarov (o‘rtada) IESda. Foto: Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati.Akilbek Japarov va Sadir Japarov (o‘rtada) IESda. Foto: Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati.

Qirg‘izgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, kelasi haftada Bishkekda havo harorati kechasi -2 dan -10 darajagacha, kunduzi -2 dan +5 darajagacha o‘zgarib turadi.