O‘zbekistonda yanvar oyida inflyatsiya 0,64 foizni, yillik ko‘rsatkichda (2023-yil yanvaridan) 8,6 foizni tashkil etdi. Bu haqda Statistika agentligi hisobotida aytiladi.

Yilning birinchi oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxi 0,7 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlari narxi 0,4 foizga, xizmatlar narxi 0,9 foizga oshdi.

Yanvar oyida oziq-ovqat narxlari 1 foiz deflyatsiyadan 3,3 foiz inflyatsiyagacha o‘zgarib turdi. Xususan, don va don mahsulotlari (0,2 foizga), baliq va dengiz mahsulotlari (1 foizga), moy va yog‘lar (0,8 foizga) narxlari pasaydi. Meva va yong‘oqlar (2,2 foiz), sabzavot, ildiz mevali va dukkaklilar (3,4 foiz) narxlari oshdi.

Yanvar oyida bodring, karam, sabzi, lavlagi, sitrus mevalari kabi meva-sabzavot turlarining narxi pasaydi. Shu bilan birga, baqlajon, bulg‘or qalampiri, banan kabi meva-sabzavotlarning narxi sezilarli darajada oshdi.

Baqlajon, piyoz va bulg‘or qalampiri 2023-yil yanvariga nisbatan narxlarning pasayishi bo‘yicha yetakchilik qilmoqda. Aksincha, uzum narxi 2023-yil yanvar oyiga nisbatan boshqalarga qaraganda ancha oshdi.

Nooziq-ovqat tovarlariga kelsak, kiyim-kechak narxlari 0,2 foizga, poyabzal narxi 0,1 foizga oshdi. Dekabr oyida bu tovarlarning inflyatsiyasi 0,9 foizni tashkil etgan edi.

Yanvar oyidan boshlab O‘zbekistonning ayrim hududlarida maishiy chiqindilarni olib chiqish uchun to‘lovlar oshirildi. O‘sish diapazoni 8,2 foizdan (Buxoro viloyati) ikki baravargacha (Namangan viloyati)ni tashkil etdi. Chiqindilarni olib chiqish xizmatlari tariflarining boshqa hududlarda barqarorligini inobatga olgan holda, ushbu guruhdagi inflyatsiya oy davomida 8 foizga yetdi.

Joriy yil boshidan sovuq suv va kanalizatsiya xizmatlari uchun to‘lovlar hisob-kitoblarida avvalroq mahalliy hokimiyat organlari tomonidan qo‘shimcha o‘rnatilgan to‘lovlar bekor qilindi. Bu Qoraqalpog‘iston Respublikasidan boshqa barcha hududlarda ushbu xizmat turi bo‘yicha qisqa muddatli inflyatsiya pasayishida namoyon bo‘ldi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida qo‘shimcha to‘lovlar bekor qilinishi bilan birga, tarif o‘lchami ham oshirildi, deya ta’kidladi Statistika agentligi.

Tibbiy laboratoriya xizmatlari yanvar oyida 0,7 foizga, niqob va qo‘lqoplar 2,9 foizga arzonlashgan, antibiotiklar esa 1,3 foizga qimmatlashdi.

Yanvar oyida barcha hududlarda benzin qimmatlashdi, uning narxi 1,2−6,4 foizga, propan esa 0,7−11,9 foizga oshdi. Shu bilan birga, Statistika agentligining qayd etishicha, metan uchun yuqori narx chegarasining belgilanishi ushbu turdagi yoqilg‘i narxining barqarorligini ta’minladi.

Yanvar oyidan boshlab xususiy maktabgacha ta’lim muassasalariga boradigan bolalar uchun to‘lovlar ham ko‘proq Toshkent viloyatida (9,1 foizga), eng kami Samarqand viloyatida (1,6 foizga) oshdi.