O‘zbekistondagi aeroportlarni boshqaruvchi Uzbekistan Airports kompaniyasi haydovchilik guvohnomalari mamlakat ichidagi parvozlar uchun ro‘yxatdan o‘tishda qachondan boshlab shaxsni tasdiqlovchi hujjat sifatida tan olina boshlanishi yuzasidan izoh berdi.

Yangi milliy haydovchilik guvohnomasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-iyundagi 389-son qaroriga muvofiq, shaxsni tasdiqlovchi rasmiy davlat hujjati maqomiga ega. Yangi guvohnomalar o‘sha yilning oktabr oyida berila boshlangan.

Ularda jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (PINFL) hamda qurilmalar bilan masofadan turib ma’lumot almashishga imkon beruvchi maxsus elektron belgi (NFC smart-kart) mavjud.

Uzbekistan Airports tasarrufidagi aeroportlarning faoliyati respublika transport sohasiga oid hujjatlar, jumladan, o‘zgartish va qo‘shimchalar bilan tartibga solinishini hamda yuqori vazirlik va idoralar tomonidan ijro uchun yuborilishini qayd etdi.

“Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda aeroportlarda shaxsni tasdiqlovchi hujjat sifatida tan olinadigan va yo‘lovchilarga ulardan foydalangan holda ichki yo‘nalishdagi reyslarga ro‘yxatdan o‘tish huquqini beruvchi hujjatlarning (haydovchilik guvohnomasi, tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma, harbiy guvohnoma va boshqalar) yakuniy ro‘yxatini idoralararo tasdiqlash ishlari yakunlanmoqda”, — deyiladi kompaniya xabarida.