Surxondaryo viloyati Termiz shahrida ota 4 yoshli bolasini shirinlik so‘ragani uchun so‘kib, kaltaklagandi. Viloyat sudlari matbuot xizmati erkak 10 sutkaga qamalganini ma’lum qildi.

Tarmoqlarda tarqalgan videoda 42 yoshli erkak A.E. bolasini do‘konga olib borishni hamda turli xil shirinlik va o‘yinchoqlar olib berishni so‘ragani uchun ikki qo‘lidan qisib ushlab, so‘kkani va siltalaganini ko‘rish mumkin. U bolaning qorniga tepib, yuziga tarsaki tushirgan, tana a’zolarini sindirib tashlashini aytib qo‘rqitgan.

1-fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudi qarori bilan A.E. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasi (Haqorat qilish) va 59−2-moddasi (Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topildi. Unga 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.