“Gazeta.uz” 2024-yil 1-fevraldan kuchga kiradigan qonunchilikdagi o‘zgarishlar ro‘yxatini taqdim etadi. Dayjest Adliya vazirligi ma’lumotlari asosida tayyorlandi. Quyida ularni to‘liqligicha e’tiboringizga havola etamiz.

1. Ayrim mahsulotlarga ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili yoki rasmiy dilerlari mavjud bo‘lish talabi qo‘yiladi.

Prezidentning 2024-yil 10-yanvardagi qarori bilan O‘zbekiston hududiga olib kirishda ayrim mahsulotlardan ularning sifati, xavfsizligi hamda servis kafolatini ta’minlaydigan ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili yoki rasmiy dilerlari mavjud bo‘lishi talab qilinadi.

Bunda ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili yoki rasmiy dilerlarning servis xizmati mavjud bo‘lishi kerak.


2. Yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lganlarga kafolatlangan ijtimoiy xizmatlar ijtimoiy xizmat ko‘rsatish shartnomasi asosida ko‘rsatiladi.

Prezidentning 2023-yil 27-dekabrdagi qarori bilan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning reyestri yuritilishi belgilangan.

Ushbu reyestrga kiritilgan yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat tomonidan kafolatlangan ijtimoiy xizmatlar va yordam ijtimoiy xizmat ko‘rsatish shartnomasi asosida ko‘rsatiladi.


3. Ichimlik suvi loyihalari doirasida uskuna va jihozlar faqat mahalliy ishlab chiqaruvchilardan xarid qilinadi.

Prezidentning 2023-yil 24-oktabrdagi qaroriga ko‘ra, davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan ichimlik va oqova suv yo‘nalishidagi loyihalar doirasida qurilish materiallari, uskuna va jihozlar faqat mahalliy ishlab chiqaruvchilardan sotib olinadi.


4. Kasanachilikda yangi ish boshlayotgan xotin-qizlar kasb-hunarga o‘qitiladi.

Prezidentning 2023-yil 21-dekabrdagi qaroriga ko‘ra, kasanachilik va hunarmandchilik yo‘nalishida yangi ish boshlayotgan xotin-qizlar uchun tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, rivojlantirish, takomillashtirish hamda ularga uslubiy yordam berish maqsadida ta’lim tashkilotlarida tajribali kasanachi va hunarmandlarni jalb etgan holda kasb-hunarga o‘qitish kurslari tashkil etiladi.

Bunda ta’lim tashkilotlarida kasb-hunarga o‘qitilgan har bir bitiruvchi xotin-qiz uchun sarflangan o‘qitish xarajatlarining 70 foizi, biroq BHM ning 5 barobaridan oshmagan qismi davlat tomonidan qoplab beriladi.


5. Tadbirkorlarning barqarorlik reytingi joriy etiladi.

Prezidentning 2024-yil 23-yanvardagi qarori bilan qonunchilik talablariga rioya etgan holda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni aniqlash va qo‘shimcha rag‘batlantirishni nazarda tutuvchi Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi joriy etiladi.

Reyting doirasida tadbirkorlar quyidagi toifalarga ajratiladi:

  • “AAA”, “AA” va “A” toifalar — yuqori barqarorlik reytingi;
  • “VVV”, “VV” va “V” toifalar — o‘rta barqarorlik reytingi;
  • “SSS”, “SS” va “S” toifalar — qoniqarli barqarorlik reytingi;
  • “D” toifa — quyi barqarorlik reytingi.

Mavzuga doir: Tadbirkorlar reytingi qanday tuziladi? Mezonlar


6. Ayrim nafaqa miqdorlari oshiriladi.

Prezidentning 2024-yil 31-yanvardagi farmoni bilan quyidagi nafaqalar miqdori 621 ming so‘m etib (ilgari 608 ming so‘m edi) belgilandi:

  • zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa fuqarolarga nafaqa;
  • ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda;
  • o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga nafaqa;
  • boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa (keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun — 212 000 so‘m);
  • boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun pensiyaning eng kam miqdori.

7. “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonun prezident tomonidan imzolandi.

Qonun bilan pedagoglarning huquqlari, majburiyatlari, faoliyatining asosiy kafolatlari, mehnatiga yarasha haq to‘lash, rag‘batlantirish va ijtimoiy himoya qilish tamoyillari belgilandi.

Unga ko‘ra, pedagogning huquqlari, sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘si davlat himoyasi ostida bo‘ladi. Umumiy o‘rta ta’lim tashkilotida ilk bor kasbiy faoliyatini boshlayotgan shaxsga bir o‘quv yili davriga murabbiylikni amalga oshirish uchun tajribali pedagog biriktiriladi.

Qonunga ko‘ra, jumladan, quyidagilar taqiqlanadi:

  • pedagogni kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, shu jumladan hududlarni obodonlashtirishga va qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb qilish;
  • pedagogdan uning kasbiy majburiyatlariga taalluqli bo‘lmagan hisobotlarni va boshqa ma’lumotlarni, shu jumladan bitiruvchilarning bandligi ta’minlanganligi haqidagi hisobotlarni shakllantirishini va taqdim etishini talab qilish;
  • pedagogning zimmasiga tovar va xizmatlarni sotib olish majburiyatini yuklash, shu jumladan ish haqidan uning yozma roziligisiz tovar va xizmatlar uchun mablag‘ ushlab qolish.