Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Termiz shahrida erkak farzandini urib, so‘kayotgani va shafqatsiz munosabatda bo‘layotgani aks etgan video tarqaldi.

Videoda erkak bolasining ikki qo‘lidan qisib ushlab, bir ishni boshqa qaytarmasligini aytib so‘kkani va siltalaganini ko‘rish mumkin. Uning qorniga tepib, yuziga tarsaki tushirgan, tana a’zolarini sindirib tashlashini aytib qo‘rqitgan.

Bosh prokuratura holat yuzasidan munosabat bildirarkan, holat shaharing “Temiryo‘lchi” mahallasida yashovchi 42 yoshli erkak tomonidan 28-yanvar kuni sodir etilganini ma’lum qildi.

U yashash uyida 4 yoshli o‘g‘lini har kuni do‘konga olib borishini hamda turli xil shirinlik va o‘yinchoqlar olib berishini so‘ragani uchun qo‘pol so‘zlar bilan haqorat qilib, yengil tan jarohati yetkazgan, deyiladi xabarda.

Holat yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 41-modda (Haqorat qilish) va 59−2-moddasi (Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) bilan hujjatlar rasmiylashtirilgan va to‘plangan hujjatlar sudga yuborilgan.