Moliyaviy jinoyatlarda ayblanib qidiruvda bo‘lgan ikki shaxs 30-yanvar kuni Turkiyadan O‘zbekistonga deportatsiya qilindi, deb xabar berdi O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi.

12-yanvar kuni Istanbulda O‘zbekiston va Turkiya huquq-tartibot idoralari o‘rtasida o‘tkazilgan navbatdagi tadbir davomida 59 yoshli Faxriddin Shakarboyev (2022-yildan buyon qidiruvda bo‘lgan) va 32 yoshli Xumoyunbek Mardonov (2018-yildan beri) qo‘lga olingan.

Ularning birinchisi ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirish, ikkinchisi esa o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilishda ayblanib, qidiruvga berilgandi.

Ushbu shaxslarning harakatlaridan jabrlangan fuqarolardan O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi yoki O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligiga murojaat qilish so‘ralmoqda.

Xabarda ta’kidlanishicha, hamkorlikdagi tezkor-qidiruv tadbirlari “tizimli ravishda davom ettiriladi”.