Ijtimoiy tarmoqlarda erkaklar ostidan yo‘l-patrul xizmati xodimini olib chiqish uchun Damas avtomashinasini qo‘llari bilan ko‘tarayotgani aks etgan video tarqaldi.

IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati holatga izoh berdi. YTH 31-yanvar kuni Qashqadaryo viloyati Kitob tumani hududidan o‘tuvchi “Kitob — Shahrisabz” avtomobil yo‘lining 3-kilometrida sodir bo‘lgan.

Yo‘l-patrul xizmati xodimi N.Musinov soat 16:35 atrofida haydovchining hujjatlarini tekshirish maqsadida Damas avtomashinasini to‘xtatmoqchi bo‘lgan. Jezl bilan “To‘xtash” ishorasi berilganda, haydovchi to‘xtamasdan, inspektorning ustiga boshqarib borgan.

YPX xodimi o‘sha vaqtda yaqin atrofda bo‘lgan erkaklar tomonidan mashina ostidan olib chiqilgan va kasalxonaga yetkazilgan. Kitob tumani tibbiyot birlashmasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, N.Musinovning boshi, yuzi, qo‘li va oyoqlarida shilingan, qirilgan jarohatlar borligi aniqlangan.

Kitob tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Bosh prokuratura natijasi bo‘yicha keyinroq axborot berilishini ma’lum qildi.