Transparency International xalqaro korrupsiyaga qarshi tashkiloti 2023-yil uchun Korrupsiyani idrok qilish indeksini e’lon qildi.

Yangi reytingda O‘zbekiston 2022-yilga nisbatan besh pog‘onaga ko‘tarilib, 180 ta davlat ichida 121-o‘rinni egalladi. Mamlakat bu joyni Angola, Mo‘g‘uliston va Peru bilan baham ko‘radi.

100 ballik indeks bo‘yicha (bu yerda 0 — korrupsiyaning o‘ta yuqori darajasi, 100 — o‘ta past daraja) O‘zbekiston 33 ball (bir yil avval — 31 ball edi) to‘pladi. O‘zbekiston 2021-yilda 140, 2020-yilda 146-o‘rinda edi.

Tashkilotning mintaqaviy sharhida so‘nggi yillarda O‘zbekiston reytingini sezilarli darajada yaxshilashga yordam bergan asosiy chora-tadbirlar qatorida Korrupsiyaga qarshi kurash agentligining tashkil etilishi, shuningdek, qonunchilikni takomillashtirish va iqtisodiyotni liberallashtirish qayd etilgan.

“Ta’kidlash joizki, ushbu qonunlarni amalga oshirish uchun choralar va tartiblar ishlab chiqilgan va ko‘plab korrupsionerlarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Hukumat, shuningdek, turli vazirliklar va mahalliy hukumatlarda yanada qattiqroq ichki nazorat va audit vositalarini, jumladan, poraxo‘rlikning oldini olish mexanizmlarini joriy qildi”, — deb ta’kidlaydi Transparency International ekspertlari.

“Ammo avtoritar tuzum oshkoralik va demokratiya tamoyillarini joriy etishga, qonun chiqaruvchi va davlat institutlari ustidan nazoratni amalga oshirishga, norozi odamlarni ta’qib qilishda adliya tizimidan foydalanishga urinishlarga qarshilik qilmoqda. Bu korrupsiyani kuchaytiradi va keng qamrovli islohotlar zarurligini bildiradi”, — deyiladi sharhda.

19 davlatni (jumladan, O‘zbekistonni) o‘z ichiga olgan Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida eng yaxshi natijani Gruziya ko‘rsatdi — 49-o‘rin (53 ball). Qozog‘iston 39 ochko bilan 93-pog‘onadan joy oldi.

Reytingda Belarus 98-o‘rinda (37 ball), Ukraina 104-o‘rinda (36). Qirg‘iziston va Rossiya 26 ochko jamg‘arib, 141-o‘rinni bo‘lishdi.

Tojikiston (20) va Turkmaniston (18) mos ravishda 162 va 170 o‘rinni egalladi.

Bu yilgi reytingning yetakchisi yana Daniya (90 ball) bo‘ldi. Undan keyin Finlyandiya (87) va Yangi Zelandiya (85).

Ro‘yxatning oxirgi pog‘onasida 177-o‘rinni bo‘lishib turgan Suriya va Venesuela (13 ochko) va Somali (180-o‘rin, 11 ochko) joylashgan.