Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internat o‘quvchilarining ovqatdan zaharlanishi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deya xabar bermoqda bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova.

Qayd etilishicha, maktabga autsorsing xizmati ko‘rsatgan Azizbek omad uchquni xususiy korxonasi tomonidan iste’molga yaroqsiz mahsulotlardan sifatsiz oziq-ovqat tayyorlangan. Oqibatda internat yotoqxonasidagi 33 nafar o‘quvchi 18-yanvar kuni o‘tkir gastrit alomatlari bilan tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan.

Hodisa tezkor-tergov guruhi tomonidan o‘rganilishi natijasida maktab oshxonasidan olingan ayrim mahsulotlar sanitariya me’yorlari qoidalari va gigiyena normalari talablariga javob bermasligi, shuningdek, oshxona jihozlaridan foydalanish tartib qoidalariga rioya qilinmagani, bu esa bolalar o‘rtasida yuqumli oshqozon ichak kasalliklari bilan kasallanishiga olib kelgani aniqlangan.

Holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan 26-yanvar kuni Jinoyat kodeksining 186-moddasi (Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) 4-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi avvalroq barcha o‘quvchilarning sog‘ligi yaxshiligi, dars jarayonlarida faol ishtirok etayotganini bildirgandi.