Shavkat Mirziyoyev 29-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekistonda yangi uy-joylarning qimmatligi masalasini ko‘tardi.

Unga ko‘ra, Toshkent shahrida yangi kvartiralarning narxi 1 kv. metr uchun 25 mln so‘mga ($2027) yetyapti. Viloyat markazlarida tannarx 8−10 mln so‘mga chiqib ketgan. Prezident buni quruvchilar uchun moliyaviy resurs yetishmasligi, bori ham juda qimmatligi bilan izohladi. Keltirilishicha, kreditlarning eng arzoni 20−22 foizdan berilgan. 28 foizdan berilgani ham bor.

“Oqibatda og‘irlik kimga tushyapti? Xalqimizga tushyapti. Resurs yo‘qligi uchun quruvchilar aholi mablag‘larini jalb qilib, ularni ulushdor sifatida rasmiylashtiryapti. Bunday sharoitda nopok quruvchilar hisobiga odamlarimiz himoyasiz qolayotganini ko‘rib turibsiz”, — dedi prezident.

Bundan tashqari, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, kadastr hujjatlari yo‘q uyga ipoteka krediti berish mumkin emas. Prezidentning fikricha, O‘zbekistonda ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish bo‘yicha kompaniyaning yondashuvlarini o‘zgartirish vaqti keldi.

Shavkat Mirziyoyev bosh vazir o‘rinbosarlari Jamshid Qo‘chqorov va Achilbay Ramatovga bir oy muddatda ilg‘or xorijiy tajribani o‘rgangan holda Ipoteka kreditlarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini tashkil etish bo‘yicha takliflar kiritish, shuningdek, 200 mln dollar mablag‘ jalb etish bo‘yicha topshiriq berdi.

Qo‘chqorov hamda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatovga bir oy muddatda aholining uy-joy qurilishida ulushdor sifatida ishtirok etishini tartibga solish va qurilish tashkilotlarining aylanma mablag‘larini ko‘paytirishni qonuniy asosda tashkil etish vazifasi yuklatildi.

“Mana shundan keyin adolat bo‘ladi. Quruvchi ham, halqimiz ham bizdan rozi bo‘ladi”, — dedi davlat rahbari.

2024-yilda 80 ming xonadonli 1800 ta uy-joy qurish va “Yangi O‘zbekiston” massivlarini 38 tadan 45 taga yetkazish maqsad qilib qilingan.

Avvalroq Markaziy bank O‘zbekistonda 2023-yilda ko‘chmas mulk oldi-sotdi operatsiyalari soni 4,4 foizga oshgani haqida xabar bergandi. Yangi binolar 26,9 foizga, ikkilamchi bozordagi uy-joylar 23 foizga oshgagn. Ijara narxlari barqarorlashib, 1 foizga pasaygan.