29-yanvar kuni Bryusselda Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi transport aloqalari bo‘yicha Global Gateway Investorlar forumi ochildi, u ikki kun davom etadi, deb xabar qildi Yevrokomissiya matbuot xizmati.

Tadbirda O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev, Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari Bakit Toroboyev, Qozog‘iston va Tojikiston transport vazirlari Marat Karabayev va Azim Ibrohim, Turkmaniston transport va kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Botir Annayev boshchiligidagi Markaziy Osiyo davlatlari hukumatlari delegatsiyalari ishtirok etmoqda.

Forumda Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel ham qatnashmoqda.

Forumni ochar ekan, Yevrokomissiya ijrochi vitse-prezidenti Valdis Dombrovskis forumda ishtirok etayotgan Yevropa va xalqaro moliya institutlari Markaziy Osiyoda barqaror transport aloqasini qo‘llab-quvvatlash va sarmoya kiritish uchun 10 milliard yevro ajratishini ma’lum qildi. Ikki kun davomida ishtirokchilar Transkaspiy transport yo‘lagini Yevropa va Markaziy Osiyoni bog‘lovchi samarali multimodal yo‘nalishga aylantiruvchi investitsiyalarni muhokama qiladi. Tomonlar yuklarning ushbu yo‘lak orqali 15 kun ichida o‘tishini ta’minlash niyatida.

O‘rta yo‘lak deb ham ataladigan Transkaspiy transport yo‘lagi Osiyo davlatlarini Kaspiy dengizi orqali Yevropa davlatlari bilan bog‘laydi va, xususan, Xitoy, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Gruziya va Turkiya orqali o‘tadi. Bu yo‘nalish Rossiya, Belarus va Polsha hududidan o‘tuvchi quruqlik yo‘nalishlariga muqobil hisoblanadi.

“Rossiyaning Ukrainaga bosqini Yevropa va Osiyo o‘rtasida Rossiya orqali o‘tmaydigan muqobil, ishonchli va samarali savdo yo‘llarini topish zarurligini ko‘rsatdi. Yangi biznes imkoniyatlarini ochishdan tashqari, transport aloqasini rivojlantirish Markaziy Osiyoda mintaqaviy integratsiyani mustahkamlash va iqtisodiy rivojlanish vositasi ham hisoblanadi. Shuning uchun ham Investorlar forumi barqaror rivojlanishning barcha jihatlari va Global Gateway`ning ishonchli kommunikatsiyalari tamoyillariga mos keladigan transport aloqalariga e’tibor qaratmoqda”, — deyiladi YeI xabarida.

10 milliard yevrolik majburiyat — joriy va rejalashtirilgan investitsiyalar yig‘indisi bo‘lib, forumda ishtirok etayotgan xalqaro hamkorlar bilan maslahatlashuvlardan so‘ng Yevropa Komissiyasi mablag‘ni qisqa muddatda Markaziy Osiyoda transportni barqaror rivojlantirish uchun safarbar etishi kutilmoqda.

Forumning birinchi kunida umumiy summasi 10 milliard yevro bo‘lgan bir qancha majburiyatlar qabul qilindi. Yevropa investitsiya banki (YeIB) vitse-prezidenti Tereza Chervinska Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston hukumatlari hamda Qozog‘iston Taraqqiyot banki bilan umumiy qiymati 1,47 milliard yevrolik anglashuv memorandumlarini imzoladi. Ushbu kreditlar Yevropa Komissiyasi tomonidan taqdim etilgan kafolatlar tufayli amalga oshiriladi, deyiladi bayonotda.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) o‘zining vitse-prezidenti Mark Bouman orqali Qozog‘iston bilan 1,5 milliard yevrolik investitsiya portfeliga ega bo‘lgan o‘zaro anglashuv memorandumini imzolashi kutilmoqda, bu orqali Markaziy Osiyo mintaqasida transport aloqalarini rivojlantirish loyihalari hozirdanoq boshlanmoqda.

“Investor forumi Yevropa va Markaziy Osiyoni tez, xavfsiz va barqaror tarzda bog‘laydigan Transkaspiy transport yo‘lagi bo‘yicha ishlarni boshlash uchun har ikki mintaqa davlat va xususiy investorlarini birlashtirgan Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo hamkorligidagi muhim bosqichdir. Bu ulkan transport tarmog‘i iqtisodiy o‘sishga, mahalliy ish o‘rinlari yaratishga va mintaqaviy integratsiyaga hissa qo‘shadi”, — dedi Yevropa Komissiyasi vitse-prezidenti Margaritis Sxinas.

“Bugungi qiyinchiliklarga javob berishga tayyor bo‘lish uchun Yevropa ham, Markaziy Osiyo ham o‘z barqarorligini kuchaytirishi, siyosiy va iqtisodiy munosabatlarini diversifikatsiya qilishi kerak. Bugungi investorlar forumi bu yo‘nalishdagi muhim qadamdir”, — dedi Jozep Borrel.