Yevropa investitsiya banki (YeIB) O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston, shuningdek, Qozog‘iston taraqqiyot banki bilan transport loyihalarini birgalikda moliyalashtirish bo‘yicha umumiy qiymati 1,47 milliard yevrolik o‘zaro anglashuv memorandumlarini imzoladi, deb xabar qildi Yevropa ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi matbuot xizmati.

Imzolash marosimi 29−30-yanvar kunlari Bryusselda bo‘lib o‘tayotgan Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi transport aloqalari bo‘yicha Global Gateway Investorlar forumi doirasida o‘tkazildi.

Moliyalashtirish qo‘shimcha kapital jalb etishi kutilmoqda, natijada Markaziy Osiyodagi barqaror transport loyihalarini umumiy qo‘llab-quvvatlash hajmi 3 milliard yevroni tashkil etadi. YeIB, shuningdek, ushbu sohadagi uzoq muddatli global tajribasini Markaziy Osiyodagi hamkorlari bilan o‘rtoqlashadi — so‘nggi o‘n yil ichida bank butun dunyo bo‘ylab 136,5 milliard yevrolik transport loyihalarini moliyalashtirgan.

“Transport zamonaviy iqtisodiyotlarning tayanchi bo‘lib, odamlarning harakatchanligini osonlashtiradi va mintaqa mamlakatlari o‘rtasida tovarlar, kapital va xizmatlar almashinuvini ta’minlaydi. Bundan tashqari, barqaror transportga sarmoya kiritish iqlim ta’sirini bartaraf etish va transport tarmoqlarini yanada chidamli qilish uchun kalit hisoblanadi”, dedi YeIB vitse-prezidenti Tereza Chervinska.

“Ushbu kelishuv O‘zbekiston va qo‘shnilarimiz uchun taraqqiyotning yangi davrini anglatadi. Memorandumni imzolash orqali biz transport sohasidagi o‘zgarishlarga yo‘l ochmoqdamiz. Bu hamkorlik Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi barqaror transport aloqalarini yaxshilashga qaratilgan umumiy majburiyatimizdir. Ana shu hamkorlik tufayli biz nafaqat infratuzilmamiz, balki xalqimiz farovonligi va yaxshi yashashi uchun ham sarmoya kiritmoqdamiz”, — dedi O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev.

Eslatib o‘tamiz, YeIB qo‘shma moliyalashtirishi Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqalari o‘rtasidagi aloqalarni hamda barqaror transport loyihalarini rivojlantirishga 10 milliard yevro ajratish bo‘yicha Yevropa va xalqaro moliya institutlarining umumiy majburiyatlari doirasida taqdim etiladi. Avval xabar qilganimizdek, investitsiyalar, xususan, Transkaspiy transport yo‘lagini rivojlantirishga xizmat qiladi, shunda yuklar u orqali 15 kun ichida o‘tishiga erishiladi.