Yevropa Kengashi rahbari Sharl Mishel 2024-yil yozida bo‘lib o‘tadigan Yevropa parlamentiga saylovlarda ishtirok etish uchun Yevropa kengashi prezidenti lavozimini muddatidan oldin tark etish rejalaridan voz kechdi. Bu haqda siyosatchi Facebook`dagi sahifasida ma’lum qildi.

“Men Yevropa saylovlarida qatnashmayman. Hozirgi vazifalarimni muddati tugaguniga qadar qat’iyat bilan bajarishga harakat qilaman”, — deb yozgan u.

Yevropa Kengashi rahbari yanvar oyi boshida Yevroparlamentda bo‘lib o‘tadigan saylovlarda ishtirok etish niyati borligini ma’lum qilgandi. Bu uning lavozimini muddatidan ilgari tark etishini anglatardi. Agar Yevropa yetakchilari o‘rinbosarni o‘z vaqtida aniqlab olmaganida, Mishel o‘rnini Vengriya bosh vaziri Viktor Orban egallashi mumkin edi.

Mishelning so‘zlariga ko‘ra, qarorga bo‘lgan “keskin munosabat” uni rejalarini qayta ko‘rib chiqishga undagan.

“Mening tanlovim ommaviy axborot vositalarida katta e’tibor va taxminlarga sabab bo‘ldi. Yondashuvimning misli ko‘rilmagan, ba’zilar jasorat deya atagan tabiatiga qarab, men oldinda nimanidir ko‘rardim. Lekin bu ham keskin reaksiyaga sabab bo‘ldi — Yevropa Kengashi ichida emas, balki undan tashqarida”, — dedi Mishel.

Shuningdek, u o‘z qarori YeI missiyasidan chalg‘itishini yoki qandaydir tarzda Yevroittifoq birligiga zarar yetkazishini istamasligini qo‘shimcha qildi.

Mishelning Yevropa kengashi rahbari sifatidagi vakolati 2024-yilning noyabrida tugaydi.

Bloomberg`ning ta’kidlashicha, Mishelning ketish ehtimoli YeI diplomatlarini blok Orbanning Ukrainaga 50 milliard dollarlik yordam paketiga qo‘ygan vetosini “bekor qilish uchun kurashayotgan” bir paytda “hayratga solib qo‘ygan”. YeI rahbarlarining bu boradagi navbatdagi uchrashuvi 1-fevral kuni bo‘lib o‘tadi.