O‘zbekistonda jamoat transporti hali aholiga sifatli xizmat ko‘rsatadigan tizimga aylangani yo‘q. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev dushanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qildi, dedi uning matbuot kotibi Sherzod Asadov.

“Jamoat transporti qamrovi bor-yo‘g‘i 25 foiz ekani — tizimga berilgan baho”, — dedi davlat rahbari.

Mamlakat hududlariga yetkazib berilishi belgilangan avtobuslar haligacha yetib kelmagani tanqid qilindi. Andijon, Samarqand, Namangan, Qarshi va Urganch shaharlarida brutto shartnomalarga o‘tish bo‘yicha ishlar yakuniga yetmagan.

Ilhom Mahkamov.Ilhom Mahkamov.

Shavkat Mirziyoyev transport vaziri Ilhom Mahkamov va viloyatlar hokimlariga bu ishlarni yakunlash bo‘yicha topshiriq berdi. Yangi tizim 1-martgacha 5 ta viloyat markazida, 1-iyungacha esa 8 ta shaharda ishga tushishi kerak.

Prezident joriy yilda hududlar uchun 1200 ta avtobus va elektrobus xarid qilish vazifasini qo‘ydi.

Shuningdek, u koronavirus pandemiyasi davrida temir yo‘l transporti 2 barobarga qisqarganini ta’kidladi. Oqibatda odamlar qishda ham avtomobil va avtobuslarda xorijga chiqishga majbur bo‘lmoqda va baxisiz hodisalar tez-tez uchrab turibdi.

Transport vazirligi tizimidagi tegishli korxonada xalqaro qatnovlar uchun 167 ta avtobus bo‘lgani bilan, korxona xususiy sektor va qo‘shni davlatlar tashuvchilari bilan raqobat qila olmaydi, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident uy-joy, qurilish, kommunal xo‘jaligi, transport va ekologiya hukumat kompleksi rahbariyatiga (rahbari Achilbay Ramatov) xorijiy hamkorlar bilan muzokaralar olib borish, temiryo‘l transporti ko‘rsatkichlarini pandemiyagacha bo‘lgan darajaga qaytarish bo‘yicha topshiriq berdi.

Shuningdek, u xalqaro avtobus qatnoviga xususiy kompaniyalar jalb etilishi va bu borada raqobat zarurligini ta’kidladi.

Prezident mazkur yig‘ilishda transport vaziri Ilhom Mahkamov, uning birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov, IIV YHXB boshlig‘i Olim Saidov va “Toshshahartransxizmat” AJ raisi Anvar Jo‘rayevga hayfsan e’lon qilib, oxirgi ogohlantirish berganini xabar qilgandik.