29-yanvar kuni Toshkent xalqaro aeroportining jo‘nab ketish terminalida mehmonxona o‘z faoliyatini boshladi. Uning ochilishida Uzbekistan Airports kompaniyasi vakillari, jurnalist va blogerlar qatorida “Gazeta.uz” muxbiri ham qatnashdi.

O‘zbekiston aeroportlari ichida birinchi bo‘lib qurilgan mehmonxona jo‘nab ketish terminalining kutish zalida, “Art bazar” majmuasining chap tomonida joylashgan. U ikki qavatdan iborat bo‘lib, 24 ta kichik xonasi mavjud. Ulardan 23 tasi standart, bittasi lyuks xona bo‘lib, oilaviy yo‘lovchilar uchun mo‘ljallangan.

E-auksion.uz elektron platformasidagi savdolar orqali umumiy maydoni 240 kvadrat metr bo‘lgan mehmonxona xususiy kompaniya boshqaruviga o‘tkazilgan va Khamsa hotel brendi ostida faoliyat yuritadi. Tariflar foydalanish muddati va xona klassiga qarab 30 dollardan 150 dollargacha.

Mehmonxonaning birinchi qavatida ro‘yxatga olish hududi, ma’lumot tablosi, yuvinish xonasi va hojatxona bor. Xonalar bir kishilik yotoq ko‘rinishida bo‘lib, minimal jihozlar — chiroq, oyna, kiyim ilgich, qo‘l yuki uchun javon va stol bilan jihozlangan.

“Mehmonxonamiz, asosan, tranzit zonadagi, uchinchi davlatga uchib ketadigan yo‘lovchilar uchun qulaylik beradi. Bundan o‘z fuqarolarimiz ham vaqtliroq kelishganida yoki reyslar kechiktirilganida foydalanishlari mumkin. Mehmonxonamizni istalgan tegishli sayt orqali bron qilish mumkin. Dastlabki 10 soatli xizmat — kishi boshiga 600 ming so‘m. 10 soatdan oshib, bir kunga aylansa, bu narx 1 mln 200 ming so‘mga chiqadi. Har bir xonada individual bortga taklif qilish tizimi mavjud”, — dedi tadbirkor Abduqayum Abdullayev.

Uning qo‘shimcha qilishicha, kelgusida Qarshi, Samarqand, Urganch va Farg‘ona aeroportlarida ham shunday mehmonxonalar ochilishi rejalashtirilmoqda. Shuning uchun mehmonxona tarmog‘i “Xamsa” deb atalgan.

Mehmonxona sharqona uslubda mahalliy rassom Bobur Ismoilov tomonidan yaratilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, mehmonxonaga sharqona hashamatni berishga, xonalarda esa Yevropa minimalizmi va ixchamligini saqlashga harakat qilingan. Biroq hozircha mehmonxonada tasviriy san’at asarlari chizishga ulgurilmagan.