Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda E-Auksion elektron savdo platformasi orqali qum-shag‘al aralashmasini qazib olishga ruxsatnoma berilayotgani haqidagi tanqidlarga javob berdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 1-maydan boshlab Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo daryolari o‘zanlarida noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy etiladi.

Moratoriy e’lon qilingan hujjatda aytilishicha, daryolar, qirg‘oqbo‘yi va suvni muhofaza qilish zonalarida qum va shag‘al materiallarini qazib olish huquqi faqat E-Auksion elektron savdo maydonchasi orqali amalga oshiriladi.

Telegram`dagi Insider.uz kanalida yozilishicha, “bir-ikkita ayyorlarga ruxsat berib, qolganlarga taqiqlash „moratoriy“ deyilmaydi”.

Ekologiya vazirligining ta’kidlashicha, moratoriy davrida ushbu daryolar o‘zanlarida qum va shag‘al qazib olishga ruxsatnomalar berilmaydi.

Mazkur hududlarda qum-shag‘al aralashmasini noqonuniy qazib, moratoriyni buzgan shaxslarga nisbatan tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 10 baravarga oshirilgan holda qo‘llanadi, shuningdek, ushbu qoidabuzarlikni sodir etishda foydalanilgan texnika musodara qilinadi.

E-Auksion saytida neruda bo‘lmagan materiallarni qazib olishga ruxsatnomalar faqat moratoriy joriy etilmagan hududlarda qo‘llanadi. Shu bilan birga, daryolar o‘rniga muqobil tog‘li va tog‘ oldi hududlarida joylashgan alternativ kon uchastkalarida qum-shag‘al qazib olish ishlari tashkil etiladi.

Shuningdek, vazirlik ayni paytda xalqaro va mahalliy olimlar ishtirokida Chirchiq daryosini qayta tiklash loyihasi ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi.