“Tashabbusli budjet” jarayonining 2024-yilgi ilk mavsumiga 1-fevraldan start beriladi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar qildi.

Bunda loyihalar kiritish 20 kun — 1−20-fevral sanalarida amalga oshiriladi. Loyihalarni saralash esa 21-fevraldan 11-martgacha davom etadi. Ovoz berish esa 12−31-mart davomida o‘tkaziladi.

Ushbu mavsum uchun tuman va shahar budjetlari hisobidan 3 trln so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltiriladi. 2024-yilda loyihalarning eng yuqori qiymati 1 mlrd 360 mln so‘mni tashkil etadi.

Tashabbusli yoki partisipator budjetlashtirish — aholining tashabbuslarini hisobga olgan holda budjet mablag‘larining muayyan bir qismini sarflash bo‘yicha ularning bevosita ishtirokida qarorlar qabul qilish hamda qabul qilingan qarorlarning amalga oshirilishini kuzatish amaliyoti.

Ma’lumot uchun, 2023-yilda “Tashabbusli budjet” loyihasida 1,5 mingdan ortiq ovoz to‘plagan, lekin g‘olib deb topilmagan jihozlash bilan bog‘liq loyihalarga 2024-yil uchun mo‘ljallangan davlat budjetidan mablag‘ ajratish taklif etilgan.

“Gazeta.uz” mazkur platforma va undan foydalanish tartiblari haqida qo‘llanma tayyorlagan.