Toshkent shahrida 2023-yil davomida jamoat avtobuslaridan 241,7 million marta foydalanildi. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” xabar berdi.

Unga ko‘ra, jamoat avtobuslari kuniga o‘rtacha 662,3 mingdan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatdi. Bu 2022-yilga nisbatan 62 foiz ga ko‘p (2022-yilda o‘rtacha 404,4 ming yo‘lovchi tashilgan).

Kunlik qatnovlar soni o‘rtacha 16 847 tani tashkil etdi. Ko‘rsatkich 2022-yilga nisbatan 59,8 foizga oshdi (2022-yilda kunlik qatnovlar soni o‘rtacha 10 542 tani tashkil etgan).

2023-yil davomida jami 6 mln 149 ming 147 ta qatnov amalga oshirildi.

Bugungi kunda poytaxt jamoat transporti tarmog‘i 165 ta yo‘nalishdan iborat. Unda 1 kunda o‘rtacha 1700 ga yaqin avtobuslar yo‘nalishda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadi, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Transport vazirligi poytaxtda yengil transportga nisbatan avtobuslar 135 barobar samaraliroq ekani haqida tahlillarni e’lon qilgandi. Unga ko‘ra, bitta yengil avtotransport vositasida bir kunda o‘rtacha 4,3 nafar, bitta avtobusda esa o‘rtacha 580 nafar yo‘lovchi tashilmoqda.