O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov 2024-yilning 12-yanvar kuni Navoiyda Dauletmurat Tojimuratov bilan uchrashdi. Bu haqda u Facebook sahifasida ma’lum qildi.

Tashanovga ko‘ra, mahkumning sog‘lig‘i bilan bog‘liq holatdan e’tirozi yo‘q. U o‘ziga nisbatan chiqarilgan sud hukmidan norozi, kelgusida o‘zining haq-huquqlari uchun kurashni davom ettirmoqchi.

“Dauletmurod avvaliga o‘zini biroz asabiy tutdi. Dekabrning 25-sida uni jazoni ijro etish muassasasi tartibini buzganlikda ayblashibdi. Men unga buni huquqiy yo‘l bilan bartaraf qiling, axir siz huquq himoyachisi bo‘lgansiz, sudga bering, dedim. Ko‘ndi. So‘ng o‘ziga xat va banderollarning kechikib kelayotganidan, o‘zining xatlari tashqariga chiqishi qiyin bo‘layotganidan shikoyat qildi” — deydi Tashanov.

Tashanov qayd etishicha, Tojimuratov o‘ziga nisbatan advokatlari tomonidan ilgari surilayotgan qiynoq iddaolarini izohlarkan, o‘zining dastlabki tergovlar davrida sochining majburiy olinishi jarayonida xodimlarga faol qarshilik ko‘rsatgani, o‘z navbatida xodimlar ham u bilan ziddiyatga borib, jismoniy kuch ishlatganini ta’kidlagan. Boshqa konkret qiynoq holatlari bo‘yicha gapirmadi.

“Dauletmurod koloniya rahbarlarini juda yaxshi odamlar, ular bilan munosabatlarim juda yaxshi, dedi. Lekin hamma narsa ularning qo‘lida emas, men jazoni ijro etish tizimini o‘zgartirish bo‘yicha ko‘p takliflar beryapman, boisi qonunchilikda mahkumlar bilan uzoq muddatli uchrashuvlar qattiq tartibli koloniyalarda ham, umumiy tartibdagisida ham, uzoq muddatga qamalgan va yengilroq jazolilarga ham bir xil, dedi. Mahkumlarning osh-ovqatini yaxshilash, boshqa sharoitlarni tuzatish bo‘yicha ko‘p gapiraman, dedi. Nega menga o‘qishga kitoblar olib kelmadingiz? dedi u” — deya yozgan Tashanov.

Uning ta’kidicha, koloniyada mahkumlarning yaqinlari bilan uchrashuvlar davrida nazorat haddan tashqari kuchli, bu esa mahkumlar huquqini kamsitishdek ko‘rinadi. “Koloniya ma’muriyatini qonunlardan og‘ishmaslik, ularga qattiq rioya qilishga chaqirdim. Illo, hammaning ko‘nglini bir xilda topish qiyin, bu yerda yagona ustuvorlik faqat qonun-qoidalarga amal qilishga berilishi kerak” — deydi Abdurahmon Tashanov.

Eslatib o‘tamiz, Dauletmurat Tajimuratov 2022-yil iyulida Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealar yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish bo‘yicha 16 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Yanvar oyida birinchi instansiya sudi uni bir qator ayblovlar, jumladan, hokimiyatni egallab olish uchun til biriktirish va ommaviy tartibsizliklar uyushtirishda aybdor deb topdi. Apellyatsiya sudi iyun boshida hukmni o‘z kuchida qoldirdi. Tajimuratovning advokati Sergey Mayorov apellyatsiya sudi qarorini “adolatsiz” va “noqonuniy” deb atadi.