Saudiya Arabistoni 70 yildan ortiq vaqt ichida birinchi marta o‘zining birinchi spirtli ichimliklar do‘konini ochadi. Ichimliklar u yerda faqat musulmon bo‘lmagan xorijiy diplomatlarga sotiladi, deb xabar beradi BBC News.

Do‘kon yaqin bir necha hafta ichida mamlakat poytaxti Ar-Riyodning diplomatik kvartalida ochiladi. Rasmiylarning ta’kidlashicha, ular shu yo‘l bilan xorijiy diplomatlar sumkalar yordamida olib kiruvchi va keyin uni “nazoratsiz ravishda ayirboshlab” yuboradigan spirtli ichimliklarning noqonuniy savdosiga qarshi kurashmoqda.

Do‘konda mahsulot xarid qilish uchun mijozlar mobil ilova orqali ro‘yxatdan o‘tishlari va hukumat ruxsatini olishlari kerak bo‘ladi. Shuningdek, 21 yoshdan kichiklar do‘konga kiritilmaydi va tashrif buyuruvchilar “tegishli kiyim”da bo‘lishlari kerak.

Bundan tashqari, 240 ballik oylik cheklov ham joriy etiladi. Masalan, bir litr viski olti ball, bir litr vino uch ball, bir litr pivo bir ball turadi. Bir oy ichida ushbu ballar umumiy 240 dan oshgan shaxsga alkogol ichimliklari sotilmaydi.

Mamlakatda 1952-yilgacha spirtli ichimliklar sotilgandi. Saudiya shahzodasi Mishari bin Abdulaziz Al-Saud 1951-yilda Jiddadagi ziyofatda mast holda Britaniya vitse-konsuli Kiril Usmonni otib o‘ldirganidan keyin vaziyat o‘zgardi. Oradan bir yil o‘tib, Misharining otasi qirol Abdulaziz spirtli ichimliklar savdosini butunlay taqiqladi.